Sayyohlar xavfsizligi – muhim masala
Yaqinda Samarqandda o‘tkazilgan Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi 25-sessiyasi O‘zbekiston turizmining ertangi kuni uchun nihoyatda ahamiyatlidir.
Ushbu tadbirlarda ishtirok etgan Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xodimi Husan Tangriyev bu borada o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi 25-sessiyasi tadbirlarida shvetsiyalik jurnalistlarni o‘z mamlakati bayrog‘i aks etgan kiyimlarda ko‘rib, vatanparvarlik namunasi deb o‘yladim. Ular esa yaqinda Belgiya-Shvetsiya futbol o‘yini vaqtida 2 nafar futbol ishqibozining o‘ldirilganiga javoban hamdardlik ma’nosida shunday kiyinganini aytishdi.
“Biz Shvetsiya poytaxtida yashasakda, o‘zimni Stokgolmda xavfsiz his qilmayman. Vaziyat shu darajaga yetib bordiki, biz yonimizda naqd pul olib yurishga ham hadiksiraymiz. Sizlarda esa ahamiyat berdim, odamlar kunduzgi vaqtda ham, tunda ham mutlaqo o‘zlarini xavfsiz his qilishadi” dedi ular.
Prezidentimiz sessiyaning ochilish marosimida ham aynan sayyohlar xavfsizligi masalasiga alohida to‘xtalib o‘tganlarini shunda tushunib yetdim.
Nima uchun shaharlarimizda “Xavfsiz shahar” loyihalari amalga oshirilayotgani va bu turizm uchun nechog‘lik zarur ekanligini tasavvur qildim.
Yana bir masala, yaqinda Gruziyada bo‘lib qaytdim. Taxminan 3,7 mln. aholiga ega mamlakatga deyarli 2 barobar ko‘p – 7 mln.ga yaqin sayyohlar tashrif buyuradi. Dengizi borligini inobatga olmasa, Gruziyaga nisbatan madaniy rang-baranglik, tarixiy qadamjolar soni bo‘yicha O‘zbekiston ancha oldinda. Demak, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan maqsad – 2030 yilga borib O‘zbekistonga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar sonini 15 mln.ga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar bor. Otni esa erta yoki indin emas, aynan bugun qamchilash kerak.
Qayd etish joiz, turizm rivojida bojxona hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ko‘hna Registonda bir guruh cholu kampirlarni ko‘rdim. Tojikistondan kelishibdi, Samarqanddan hayratlanib turishgani yuzi ko‘zlaridan ma’lum.
Tasavvur qiling, atigi 7 yil avval viza rejimi joriy qilingan ikkala mamlakat fuqarolari bir-birining hududida bu qadar emin-erkin yurishlari mumkinligini aqllariga sig‘dira olarmidilar. Menimcha, yo‘q!
Qo‘shni davlatlardan atigi 10 dollarlik tovarlarni bojsiz olib kirish normasini eslasam, biz turistik salohiyatimizni yillar davomida o‘z qo‘limiz bilan yo‘qqa chiqarganimizni tushunib yetaman. Xayriyat, bugun hammasi, ayniqsa, qo‘shni davlatlardan keladigan sayyohlar uchun sharoitlar tubdan o‘zgardi. O‘nlab chegara-bojxona postlari ochildi, “yashil” va “qizil” yo‘laklar joriy qilindi. Avtomobilda yoki piyoda kirganda 300 dollarlik tovarlarni bojsiz olib kirish yo‘lga qo‘yildi.
O‘tgan yilda Samarqand aeroporti boshlab bergan va bugun barcha xalqaro aeroportlarimizda joriy qilingan “Masofaviy bojxona nazorati” tizimi esa havo yo‘llari orqali kelib-ketadigan sayyohlarning o‘zlari payqamagan holda bojxona nazoratidan o‘tishlariga xizmat qilmoqda.
Kelgusi yilda O‘zbekiston Qozog‘iston chegarasidagi 3 ta: “G‘ishtko‘prik”, “Navoiy”, “Dovut ota” postlari mutlaqo yangicha qiyofada – zamonaviy bojxona terminali tarzida qad rostlaydi. Bu ham turizm rivojini munosib rag‘batlantiradi.Kecha Bojxona qo‘mitasi raisi Xitoyda “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi tadbirlarda qatnashar ekan, fursatdan foydalanib Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston bojxona xizmatlari rahbarlari bilan alohida-alohida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu uchrashuvlarda ham asosiy e’tibor o‘zaro axborot almashinuvlarini keng qo‘llash, bojxona postlarining o‘tkazuvchanligini oshirish, bojxona nazoratini soddalashtirish va jadallashtirishga qaratildi.
Tabiiyki, bu ham turizm rivojida yaxshigina turtki bo‘ladi. Demoqchimanki, umuman barcha sohalar mamlakatda turizm salohiyatini oshirishga o‘z vakolati doirasida hissa qo‘shishi shart. Chunki, bu faqatgina Turizm qo‘mitasining ishi emas! Bu umummilliy harakat, umummilliy ishimizga aylansagina, Samarqand sessiyasida ko‘rilgan masalalar real hayotga ko‘chgan bo‘ladi, – dedi Husan Tangriyev.
Shahnoza Mamaturopova yozib oldi, O‘zA