Sayyohlar nega O‘zbekistonni tanlayapti?
So‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro turizm xaritasida tobora mustahkam o‘rin egallamoqda.
Endi buni nafaqat sayyohlar oqimi, balki dunyodagi eng yirik sayohat platformalaridan biri — “Expedia Group” statistikasi ham tasdiqlamoqda.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil iyun oyida O‘zbekistonga sayohat qilish bo‘yicha internet qidiruvlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 54 foizga oshgan. Bu esa mamlakatimizga bo‘lgan qiziqish faqat mintaqada emas, balki jahon miqyosida ham ortib borayotganini anglatadi.
Eng muhimi, bu qiziqish amaliy natijaga aylanmoqda. “Expedia” orqali rasmiylashtirilgan bronlar soni qariyb 46 foizga, aviachiptalar xaridi esa 23 foizga o‘sgan. Demak, odamlar O‘zbekiston haqida o‘qish yoki videolar tomosha qilish bilan cheklanmay, safar rejalarini ham amalga oshirmoqda.
Qiziqishning eng yuqori sur’ati AQSH va Yaponiyada qayd etilgani e’tiborga molik. Shuningdek, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va Janubiy Koreya kabi mamlakatlar ham O‘zbekistonni eng ko‘p izlayotgan turistik bozorlar qatoriga kirmoqda.
Sayyohlarning eng ko‘p tanlovi hanuzgacha Toshkent, Samarqand va Buxoro hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Biroq, yana bir tarixiy shahar — Xivaning nufuzi ham yil sayin oshib bormoqda. Xalqaro bronlarda uning ulushi ortishi Ichan-qal’a va qadimiy me’moriy merosga qiziqish kuchayganini ko‘rsatadi.
“Expedia” platformasida tasdiqlangan bronlarning 82,9 foizi aynan 2026-yilning iyul–sentabr oylariga to‘g‘ri keladi. Bu esa O‘zbekistondagi kuzgi sayyohlik mavsumi yanada serharakat bo‘lishidan darak beradi. Bunday o‘sish tasodif emas. Keyingi yillarda yangi xalqaro aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi, vizalarning soddalashtirilishi, mamlakatning xalqaro ko‘rgazmalar va turistik yarmarkalarda faol targ‘ib qilinishi, shuningdek, boy tarixiy va madaniy merosning dunyoga keng namoyish etilishi o‘z samarasini bermoqda.
Bugun O‘zbekiston faqat Ipak yo‘lining yuragi sifatidagina emas, balki zamonaviy turizm imkoniyatlarini taklif etayotgan, xavfsiz va mehmondo‘st mamlakat sifatida ham e’tirof etilmoqda.
“Expedia Group” statistikasi esa bir haqiqatni yana bir bor tasdiqladi: dunyo O‘zbekistonni kashf etmoqda. Endi esa bu qiziqishni yanada sifatli xizmat, yangi turistik mahsulotlar va yuqori darajadagi servis bilan mustahkamlash eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA