Saylovda ovoz berish jarayoni boshlandi
Bugun, 2024 yil 27 oktyabr – mamlakatimizda saylovlar kuni. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlarining saylovi bo‘lib o‘tmoqda.
Saylov jarayonini kuzatish maqsadida Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 362-saylov uchastkasiga keldik.
Saylov uchastkasida saylovchilarning ovoz berishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari jarayonni kuzatib borishi uchun ham imkoniyat yaratilgan.

Uchastka saylov komissiyasi raisi Bahodir Mirfayozovning aytishicha, uchastkaga tumandagi O‘qchi va Olmazor mahallalari biriktirilgan. 2 ming 737 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan.
Soat 08.00.da saylov uchastkasi davlatimiz madhiyasi ostida ovoz berish uchun ochildi.

Uchastka saylov komissiyasi a’zolari ishtirokida, kuzatuvchilar oldida saylov qutisi bo‘sh ekanligi namoyish etildi va plombalandi.
Uchastka ochilishini kutib turgan aholi ovoz berishni boshladi.
Norgul Abduraimova,
Nosir Haydarov (surat), O‘zA