Saylov qonunchiligiga oid siyosiy o‘quvlar samarali o‘tmoqda
Andijon davlat universitetida siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlar deputatlari uchun saylov qonunchiligiga oid siyosiy o‘quvlar o‘tkazilmoqda.
– Mashg‘ulotlarda tinglovchilarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlar, siyosiy partiyalarning dasturiy maqsad va vazifalariga erishishda qo‘llaniladigan texnologiyalar hamda saylov jarayonlarini yoritishning o‘ziga xos xususiyatlari bo‘yicha saboqlar berilmoqda, – deydi Andijon davlat universiteti prorektori Madaminjon Mahkamov. – Shu bilan birga, saylov kompaniyasi strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish, nomzodlarning dasturlari bilan ishlash, partiya faollari va deputatlarning siyosiy imijini oshirish bilan bog‘liq jarayonlarni yoritish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘quv mashg‘ulotlarida siyosiy partiyalarning OAV bilan samarali muloqotga kirishish ko‘nikmalari va PR texnologiyalardan foydalanish, ijtimoiy tarmoqlar bilan faol ishlash, siyosiy partiyalar vakillarida liderlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, siyosiy madaniyat, etika va vaqtdan, shuningdek, boshqarish texnologiyalari (time-management)dan samarali foydalanish, partiyalar tomonidan kuchli deputatlik va parlament nazoratini o‘rnatish bo‘yicha zamonaviy uslublarni tatbiq etish, muammolarni aniqlash va samarali hal qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, joriy etilayotgan «mahallabay» tizimini samarali tatbiq etish yo‘nalishidagi ishlarni tashkil etish ko‘nikmalarini mustahkamlash yuzasidan ishtirokchilarga keng ma’lumot va tushunchalar berilmoqda.
O‘quv mashg‘ulotlarida, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari, deputatlar faol ishtirok etmoqda.
– O‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar joriy yilda bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi jarayonidagi targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi «Andijon tongi» gazetasi muharriri Maxpuraxon Ortiqova. – Ommaviy axborot vositalari vakillarining ushbu mashg‘ulotlarda olgan bilim va boshqa ko‘nikmalari saylov jarayonlarini yoritishda shubhasiz, juda qo‘l keladi.
O‘quv mashg‘ulotlari oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari, deputatlari tomonidan qizg‘in savol-javob, muloqotlar tarzida olib borilmoqda.
Ayniqsa, «Temir daftar», «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari»ga kiritilgan fuqarolar bilan sektorlar kesimida amalga oshirilayotgan ishlar ustidan partiya, deputatlar hamda jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha ishlarni to‘g‘ri va tizimli tashkil qilish bo‘yicha motivatsion treninglar hamda «mahorat saboqlari»ning o‘tkazilayotganligi mashg‘ulotlar mazmuni va samaradorligini yanada oshirmoqda.
Samarali o‘tayotgan siyosiy o‘quvlar davom etmoqda.
F.Ubaydullayev, Z.Umurzoqov (surat), O‘zA