Saylov qonunchiligi takomillashtirildi
Poytaxtimizdagi Sergeli tibbiyot kollejida O‘zbekistonda saylov qonunchiligini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, “Adolat” SDP Toshkent shahar Kengashi a’zolari, tumandagi mahallalar faollari, yoshlar ishtirok etishdi.
Mustaqillik yillarida milliy saylov qonunchiligimiz izchil tadrijiy shakllanish va rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi. Ijtimoiy hayotning barcha sohalari erkinlashtirilishi va modernizatsiya qilinishi natijasida demokratik talablarga javob beradigan zamonaviy saylov tizimi va saylov qonunchiligi yaratildi.

Saylovlarning umume’tirof etilgan xalqaro normalari va prinsiplariga mos ravishda fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishi kafolatlarini, har bir insonning davlat hokimiyatining vakillik organlariga erkin saylash va saylanish huquqini ta’minlaydigan mustahkam normativ-huquqiy baza shakllantirildi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu jihatlar xususida alohida to‘xtaldi.
– Saylovlar jamiyat faravonligi, mamlakat taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘liq siyosiy tadbir ekani bois fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lida borayotgan har bir davlatda saylov qonunchiligiga alohida e’tibor qaratiladi, – deydi Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Sobir Tursunov. – Shu ma’noda aytganda, u muntazam ravishda zamon bilan hamnafas tarzda yangilab borishni talab etadi. Shundan bo‘lsa kerak, dunyoning biror bir mamlakatida ideal saylov qonunchiligi va saylov tizimi mavjud emas. Har bir mamlakat doimiy ravishda saylov qonunchiligini takomillashtirib boradi. Jumladan, bu boradagi islohotlar ham O‘zbekistonda izchil amalga oshirilib kelinmoqda.

Saylov tizimidagi mavjud muammolarni bartaraf qilishga xizmat qiladigan huquqiy asos – “Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunining mazmun-mohiyati xususida keng tushuncha berildi. Xususan, saylov qonunchiligi yanada takomillashtirish yo‘lidagi navbatdagi qadam ekani, mazkur qonun dolzarb mazmun-mohiyat va ulkan huquqiy, ijtimoiy hamda siyosiy ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va mahalliy vakillik organlariga saylovlarni dekabr oyidan oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasiga ko‘chirilgani, eng avvalo, qishning qirovli kunlarda saylov uchastkalarida faoliyat olib boradigan xodimlar, ayniqsa, xotin-qizlarning, shuningdek, konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanish uchun saylov uchastkalariga tashrif buyuradigan ayollar, keksalarning salomatligini saqlash, fuqarolarning saylovlardagi ishtiroki kamayib ketishi kabi salbiy holatlarning oldi olinib, saylovchilar va kuzatuvchilar uchun qulay sharoit vujudga keltirishi tadbir ishtirokchilari tomonidan e’tirof etildi.