Saylov oldi tashviqoti qanday amalga oshiriladi?
Ayni payt O‘zbekistonda Parlament sayloviga qizg‘in tayyorlarlik ko‘rilmoqda. Tabiiyki, bu jarayonda muhim ahamiyat kasb etadigan saylov oldi tashviqot davri o‘ziga xos xususiyatga ega.
Tashviqot tadbirlarini amalga oshirish mamlakatimizda quyidagi normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan:
– O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 9-bobi;
– Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlarning va siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom.
Saylov kodeksi 44-moddasiga ko‘ra, tashviqot – saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan, saylovchilarni nomzod yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undaydigan faoliyat.
Qonunchilikka ko‘ra, tashviqot nomzodlar va partiyani muayyan tartibda ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kun (ro‘yxatga olish saylovga o‘ttiz besh kun qolganda tugallanadi)ning ertasi boshlanadi. Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganda tashviqot o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Saylov oldi tashviqoti davlatning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga qarshi qaratilmagan bo‘lishi, xalq salomatligi, ma’naviyatiga tahdid solmasligi, urush, milliy nafrat, irqiy va diniy adovatni targ‘ib qilmasligi, konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik ishlatib o‘zgartirish, fuqarolar konstitutsiyaviy huquqi, erkinligini cheklovchi harakatga da’vat qilmasligi kerak.
Tashviqot bevosita nomzodlar, ularning ishonchli vakillari, siyosiy partiyalar, partiya vakillari tomonidan qonunda belgilangan shaklda va usulda amalga oshiriladi.
Saylov kodeksi 44-moddasi beshinchi qismiga asosan,
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati idoralari rahbarlari;
Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilari, Davlat xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, sudyalar;
saylov komissiyalari a’zolari;
diniy tashkilotlar professional xizmatchilariga saylov oldi tashviqoti olib borish taqiqlanadi.
Bu jarayonda e’tibor qaratiladigan muhim jihatlardan biri shuki, saylovchiga bepul yoki imtiyozli shartda tovar berish, xizmat ko‘rsatish (axborot xizmatidan tashqari), shuningdek pul mablag‘i to‘lash orqali tashviqot qilish mumkin emas.
MSKning 2024 yil 2 iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan Nizom talabiga muvofiq, deputatlikka nomzod yoki siyosiy partiyaga tashviqot uchun mablag‘ Davlat byudjetidan ajratiladi.
Tashviqot siyosiy partiya dasturi va platformasi, muayyan axborot hamda deputatlikka nomzod yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda, qolaversa omma oldida ochiq munozara, bahs, matbuot anjumani, fuqarolar yig‘ilishi, intervyu, OAVda chiqish, rolik joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin.
Shuningdek, OAV – televideniye, radio, gazeta va jurnal, umumiy foydalanishdagi axborot-telekommunikatsiya, jumladan Internet jahon axborot tarmog‘i;
bosma, ko‘rgazmali, audiovizual (plakat, varaqa kabi) va boshqa tashviqot materiallari chop etish hamda tarqatish;
saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
Tashviqot davrida qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa shakl va usullardan foydalanishga ham ruxsat etiladi.
Tashviqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad – saylovchini muayyan dasturlar bilan tanishtirish, fuqarolarni nomzod va siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga chaqirish. Ushbu jarayon demokratik-huquqiy davlatning muhim xususiyati hisoblanadi.
Ta’kidlash joiz, shu kunlarda Parlament saylovini o‘tkazish bo‘yicha deputatlikka nomzod, siyosiy partiya va vakillar tomonidan faol tashviqot-targ‘ibot olib borilyapti.
Saylov kodeksining 46-moddasiga asosan, tashviqot davrida davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda bir xil efir vaqti va nashr maydonini bepul berish yo‘li bilan teng sharoit ta’minlanadi. Bunday xizmat davlat OAV tomonidan haq evaziga ham ko‘rsatilishi, nodavlat OAV ham jarayonda qonunchilikka muvofiq ishtirok etishi mumkin.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, OAV tomonidan efir vaqti, nashr maydoni uchun belgilanadigan to‘lov sharti hamda boshqa talablar barcha uchun teng va bir xil bo‘lishi kerak.
Tashviqot maqsadida ommaviy axborot vositasidan bepul foydalanish tartibi, hajmi va vaqti siyosiy partiyalar fikrini inobatga olgan holda tegishli saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Nomzod va siyosiy partiya saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazish orqali tashviqot olib borishi mumkin.
Uchrashuvlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga va deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalar tomonidan mustaqil ravishda o‘tkaziladi. Tadbirlar joyi va vaqti haqida tegishli hududiy, tuman, shahar yoki uchastka saylov komissiyasiga ma’lum qilinadi. Bu haqda mahalliy hokimliklar kamida uch kun oldin yozma ravishda xabardor qilinishi shart. Binobarin, bunday ommaviy tadbirni o‘tkazish uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi.
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati, jamoat birlashmalari, shuningdek fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchrashuv o‘tkazish uchun jihozlangan xonalarni bepul ajratish, zarur ma’lumot va axborot olishda yordam ko‘rsatadi.
Turli partiyalarga mansub nomzod yoki ishonchli vakil birgalikda saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazishi yoxud nomzod boshqa nomzod tomonidan tashkil etilgan tadbirda ishtirok etishi mumkin.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, saylov oldi tashviqoti mazkur muhim siyosiy jarayonning muhim va ajralmas qismidir. Tashviqot to‘g‘ri tashkil etilishi va amalga oshirilishi fuqarolar o‘z saylov huquqidan foydalanishda zarur ma’lumot bilan ta’minlanishi hamda jarayon adolatli va muvaffaqiyatli o‘tishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qahhor Jumayev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Qonunchilik va huqukiy siyosat instituti
yetakchi ilmiy xodimi