Saylov jarayonlarini yoritishga doir seminar-trening
2021 yilning 24 oktyabr kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining shaffof o‘tishi va bu jarayonlarni OAVda sifatli va tezkor yoritishda jurnalistlarning o‘rni beqiyos.
Aytish joizki, Markaziy saylov komissiyasi ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik, saylov jarayoni ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash masalalariga doimo katta e’tibor qaratib keladi. Saylovlar davrida jurnalistlarga o‘z faoliyatini amalga oshirishi uchun yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida ularni akkreditatsiyadan o‘tkazish davom etmoqda.
Hozirgi paytda Markaziy saylov komissiyasiga akkreditatsiyadan o‘tkazishni so‘rab ko‘plab ommaviy axborot vositalaridan murojaatlar kelmoqda. Shu kungacha 700 nafardan ziyod OAV vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Bu borada saylov jarayonlarini xolis va samarali yoritish bo‘yicha jurnalistlarning malakasini oshirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni shu maqsadda Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi tomonidan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi xodimlari uchun “Saylov jarayonlarini OAV orqali samarali yoritish” mavzusida ikki kunlik seminar-trening tashkil etildi.
Ushbu seminar- treningda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyaning 150 dan ziyod xodimi ishtirok etdi. Shu jumladan, MTRKning hududiy jurnalistlari uchun ZOOM platformasi orqali bog‘lanish imkoniyati yaratildi.
Tadbirdan maqsad – mamlakatimizdagi asosiy teleradiokanallar majmuasi bo‘lgan MTRKda bo‘lajak Prezident saylovini sifatli va keng yoritishga ko‘maklashishdan iborat.
Trening davomida saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining o‘ziga xos hususiyatlari, saylovi kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarining huquq va majburiyatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi davrida nomzodlar tomonidan saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi.
Seminar-treningni Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, Toshkent davlat yuridik universiteti professor o‘qituvchilari olib bordi.
Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazi seminar-treninglarda ishtirok etish istagini bildirgan jurnalistlarni ketma-ket saylov jarayonini yoritish bo‘yicha o‘qitib boradi.
Nurillo Nasriyev, O‘zA