Saylov hamjihatlik, faollik ruhida o‘tmoqda
Yangi O‘zbekiston tarixida 9 iyul muhim sana sifatida muhrlanadi. Yurtdoshlarimiz bugun muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etib, Vatanimiz kelajagi, taraqqiyoti uchun ovoz beradi.
Farg‘ona viloyatidagi Prezident saylovini o‘tkazuvchi 1 ming 209 saylov uchastkalarida ovoz berish fuqarolarning faolligi hamda ko‘tarinki kayfiyati bilan boshlandi. Barcha uchastkalar ertalabki soat 8:00da davlat madhiyasi sadolari ostida ochilib, faoliyat ko‘rsatmoqda.


Farg‘ona shahridagi 10-umumta’lim maktabida joylashgan 67- saylov uchastkasida ham ushbu muhim siyosiy jarayonga puxta hozirlik ko‘rildi. Komissiya raisi Shahnoza Sodiqovaning ta’kidlashicha, 1 ming 873 nafar aholi ro‘yxatga olingan. Mazkur saylov uchastkasi ertalabdan saylovchilar bilan gavjum.

–Biz faxriylar ham saylovda faol qatnashyapmiz, –deydi Rustam Aminov. – Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi dasturi bilan yaxshi tanishman. Birinchilardan bo‘lib, konstitutsiyaviy huquqimdan foydalandim. O‘ylaymanki, barcha yurtdoshlarimiz bu siyosiy jarayonda uyushqoqlik bilan ishtirok etadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda tashkil etilgan saylov uchastkalaridagi ovoz berish ro‘yxatiga jami 2 million 200 mingdan ziyod fuqaro kiritilgan. Viloyatda 112 ming 952 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berdi. Ayni damda viloyatga kelgan xalqaro kuzatuvchilar saylov uchastkalarida jarayonni kuzatmoqda.
M.Sulaymonov,
M.Qodirov (surat), O‘zA