Saylov demokratik tamoyillar asosida o‘tadi
Termiz shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni belgilangan saylov qonunchiligi asosida yuksak saviyada o‘tkazish bilan bog‘liq qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Majlisda 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi raisi, viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i S.Sattarov, Markaziy saylov komissiyasi a’zosi M.Qodirovalar mamlakatimizda Prezident saylovi ilk marta 2019 yil 25 iyunda qabul qilingan Saylov kodeksi talablari asosida o‘tkazilayotgani haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil 9 avgustidagi qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududlarida muhim siyosiy jarayonni tashkil etuvchi 14 ta saylov okrugi tuzilgani va viloyatda okrug saylov komissiyasining faoliyat yuritishi uchun barcha sharoit yaratilgani xususida fikr almashdi. Shunga muvofiq Termiz shahrida Prezident saylovini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi o‘z ishini boshlagani qayd etildi.
Milliy qonunchiligimizga ko‘ra, okrug saylov komissiyasi okrug hududida saylov kodeksi ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirib, uning bir xil qo‘llanilishini ta’minlaydi. Saylov uchastkalarini tuzib, okrug bo‘yicha ularning tartib raqamini belgilaydi.

Manzilini ko‘rsatgan holda ularning ro‘yxatini e’lon qiladi. Saylovchilarning va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini ko‘rib chiqib, tegishli qarorlar qabul qiladi. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlar, yani, o‘quv mashg‘ulotlari, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa anjumanlarni o‘tkazadi.
Dastlabki majlisda Okrug saylov komissiyasi azolari komissiyaning ish rejasi, vazifalar taqsimoti, ish hujjatlari nomenklaturasi, navbatchilik jadvalini tasdiqlash kabi muhim masalalarni muhokama etib, tasdiqladi. Galdagi vazifalar belgilab olindi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA