Saylov-2019: nomzodlar debatda qatnashdi
Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazi Surxondaryo viloyat boʻlimida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi 78-Termiz saylov okrugidan deputatlikka nomzodlar bilan debat tashkil etildi.
Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazi Surxondaryo viloyat boʻlimida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi 78-Termiz saylov okrugidan deputatlikka nomzodlar bilan debat tashkil etildi.
Saylovlarni yoritish uchun akkreditatsiyadan oʻtgan jurnalistlar, blogerlar, siyosiy partiyalarning vakillari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda bu yil “Yangi Oʻzbekiston, yangi saylovlar“ shiori ostida oʻtkaziladigan saylovlarni umumeʼtirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida tashkil etilayotgani alohida taʼkidlandi.
Qiziqarli bahs-munozaralar asosida oʻtgan debatda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal demokratik partiyasidan nomzod B.Mardayev, “Adolat“ sotsial-demokratik partiyasi nomzodi S.Nazarova, “Milliy tiklanish“ demokratik partiyasidan nomzod A.Eshboyev, Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan ilgari surilgan nomzod G.Xolmamatova, Oʻzbekiston xalq demokratik partiyasidan nomzod M.Utashevlar saylovoldi dasturlari bilan tanishtirdi.
– Saylovoldi targʻibot ishlari qizgʻin pallaga kirgan shu kunlarda deputatlikka nomzodlarning dasturlariga fuqarolarimizda katta qiziqish uygʻonmoqda, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Surxondaryo viloyat boshqarmasi boshligʻi, Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazi Surxondaryo viloyat boʻlimi rahbari S.Salomov. – Bu xalqimizning jamiyatda yuz berayotgan oʻzgarish va yangilanishlarga daxldorlik hissi kuchayganiga yaqqol dalildir. Munozara chogʻida nomzodlarga berilgan savollar ham ularning masʼullik hissini, siyosiy partiyalarning faolligini yanada oshirishga xizmat qilishga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatli boʻldi.
Nomzodlar oʻz saylovoldi dasturlari boʻyicha ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar va siyosiy partiyalar faollari oʻrtaga tashlagan savollarga atroflicha javob berdi.