Sayhunobodlik ayollar maxsus daftarlardan chiqarilmoqda
Sirdaryo viloyati “Mahalla” xayriya jamoat fondi Sayhunobod tuman bo‘limi qoshida ochilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan joriy yilning shu kuniga qadar sog‘ligida muammosi bor, davolanishga muhtoj bo‘lgan, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kirgan 108 nafar ayolga 121 million 416 ming so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi.
Buning natijasida ular o‘z sog‘ligini tiklab, oilalari bag‘riga qaytgan bo‘lsa, 98 nafar xotin-qiz uchun respublikamizning diqqatga sazovor joylariga sayohatlar tashkil etilib, mahalliy turizm uchun 97 million so‘m mablag‘ ajratildi. 46 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash uchun 60 million 621 ming so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
– Bunday oilalar soni afsuski, tumanimizda ko‘p, – deydi fondning tuman bo‘limi boshlig‘i Komiljon Niyozov. – Shundan kelib chiqib, aholini kam ta’minlangan, ehtiyojmand qatlami muammolari o‘rganilib, ro‘yxati shakllantirilmoqda. Yordam ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan oilalarga fondning “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi va boshqa jamg‘arma hamda davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan yordam ko‘rsatilmoqda. Fondning “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan tumandagi 262 nafar ayolga 289 million 760 ming so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Bu juda ko‘p mablag‘ emas, muhimi, ular e’tibordan chetda emas.

Fondning Sayhunobod tuman bo‘limi tomonidan boshqa xayrli ishlarga ham qo‘l urilib, aholining kam ta’minlangan, ishsiz qatlamiga yordam ko‘rsatilibgina qolmay, o‘z-o‘zini band qilish istagida bo‘lganlarga tikuv mashinalari, parranda va chorva mollarini boqish istagida bo‘lganlarga parranda, chorva mollari olib berilmoqda.
Fondning bu sayi-harakatlari o‘z samarasini bermoqda. Ular yordami bilan kimdir ishli, kimdir hunarli bo‘lib “Temir daftar”, “Ayollar daftari” kabi ro‘yxatlardan chiqmoqda.

Shuhrat Suyarov, Furqat Toshmatov(surat), O‘zA