Saxovat va ezgu amallar ayyomi
Munosabat
Ramazon hayiti jamiyatimizda mehr-oqibat, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, el-yurtimizga xos ezgu xislatlarni, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lashda muhim ahamiyatga ega.
Shu yil 26 mart kuni qabul qilingan “Muborak Ramazon hayitini munosib nishonlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori va unda belgilangan chora-tadbirlar rejasi so‘zimizning yaqqol tasdig‘idir.
Bu quvonarli hol bo‘lib, Ramazon hayitiga oid muqaddas dinimizga ta’limotimizga hamohangdir. Chunki hayit kunlari xursandchilik qilish, bu ayyomni bayram kayfiyatida o‘tkazishning savobi ulug‘.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida, u (madinalik)larning ikki kuni bo‘lib, ular o‘sha kunlarida o‘yin-kulgi qilishar edi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: «Bu ikki kun qandoq kun?» – deb so‘radilar. Ular: «Biz johiliyat davrida shu kunlari o‘yin-kulgi qilar edik», – deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Albatta, Alloh sizlarga u ikkisi o‘rniga ulardan ko‘ra yaxshiroq – Azho (Qurbon) va Fitr (Ramazon hayiti) kunlarini berdi», – dedilar» (“Sunan” egalari rivoyat qilishgan).
Bu yilgi Ramazon oyi har qachongidan ham yuksak saviyada, ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Muborak oyning birinchi jumasida davlatimiz pahbari O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, pardozlash ishlarini ko‘zdan kechirdilar.
Ro‘za – tengi yo‘q ibodat. Bu oyning ma’naviy foydalarini hammamiz yaxshi bilamiz. Shu bilan birga, bu oy sog‘lik jihatidan ham juda foydali ekanini zamonamiy tibbiyot isbotladi. Ro‘za immun tizimini mustahkamlab, tugunlar faoliyatini yaxshilaydi. Immun tizimini himoyalashda ishtirok etuvchi hujayralar soni ko‘payar ekan. Ro‘za ortiqcha vazn va uning asoratlari oldini oladi.
Shuningdek, ro‘za tufayli to‘qimalar va hujayralarda zaharli moddalar to‘planishining oldini olar ekan. Ro‘za sababli oshqozon-ichak kasalliklari bartaraf etilar, hazm faoliyati yaxshilanar ekan. Bularning barchasi ancha yillar avval bashorat qilingan “XXI asrda dunyoning eng kuchli tabiblari ro‘yxatidan musulmonlarning ro‘zasi joy oladi”, degan so‘zning amaldagi in’ikosidir.
Ro‘za tutish tufayli inson sog‘lig‘ini tiklab oladi. Ro‘zada insonning oshqozon va hazm qilish a’zolari dam oladi. Oshqozon yaxshi hazm bo‘lmay qolgan taomlardan tozalanadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ro‘za tutinglar sog‘lom bo‘lasizlar” (Imom Buxoriy rivoyati), deb tavsiya qilganlar. Arab tabiblaridan Horis ibn Kalda: “Oshqozon kasalliklar uyidir. Parhez barcha davoning boshidir”, – degan.
Bu yil Ramazon oyi davomida poytaxtimizdagi jome masjidlarda xatmi Qur’onlar qilindi. Har taroveh namozi ortidan, xususan, Qadr kechasidagi xatmi Qur’onlardan so‘ng yurtimiz bundan-da tinch, osoyishta, xalqimiz turmushi yana ham farovon va ma’mur bo‘lishini Yaratgandan tilab xayrli duolar qilindi.
Aslida Ramazon Qur’on oyidir. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimni Qadr kechasida nozil qilganini bunday bayon etadi: "Albatta, Biz uni (Qur’onni "Lavhul mahfuz"dan birinchi osmonga) Qadr kechasida nozil qildik" (Qadr surasi, 1-oyat). So‘ngra 23 yil davomida Jabroil alayhissalom turli sabablarga ko‘ra Qur’onni oyat-oyat, sura-sura qilib Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga nozil qilib turdi.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: "Qur’oni karim Ramazon oyida, Qadr kechasida Lavhul mahfuzdan nozil bo‘lgan. Tavrot Ramazonning oltinchi kechasida nozil bo‘lgan. Ibrohim alayhissalomning sahifalari Ramazonning ilk kechasida nozil bo‘lgan. Injil Ramazonning uchinchi kechasida, Zabur esa o‘n ikkinchi kechasida nozil bo‘lgan. Bu oyning nomi Qur’onda Ramazon, Tavrotda Xad, Injilda Sad, Zaburda esa Qurbat deyilgan".
"Xad" deyilishiga sabab shuki, bu oyda gunohlar ustiga chiziq tortiladi, mahv bo‘ladi. Injilda "Sad" deyilishiga sabab – bu so‘z gunohlardan poklanishni anglatadi. Zaburda "Qurbat" deyilishining sababi esa banda bu oyda Rabbisiga yaqinlashadi.
Imom Rabboniy bunday deydilar: "Qur’onning bu oyda nozil bo‘lishi Ramazonning ulug‘lanishiga sababdir".
Bu oy – barakot oyidir. Qur’oni karim Alloh taoloning zoti va sifatlarini o‘zida jamlagan. Ramazon oyi Qur’on bilan bog‘liq bo‘lgani uchun xayriyotlar bilan to‘lib-toshgan.
Yaxshiliklar, barakotlar bu oyga jamlandi. Bir oyda kelgan barakotlar, yaxshiliklar bandaga yil davomida kifoya qiladi. Musulmonlar bu oyda ilohiy fayz-barakotlarga ko‘milib qoladilar.
Kim Ramazonning yaxshiliklaridan, barakotidan olib qolsa, yil bo‘yi ana shu yaxshiliklarga ko‘milib yashaydi. Kim Ramazon oyini yomonlik bilan o‘tkazsa, yil bo‘yi xayrsiz yashaydi. Yaxshilik va barakot Alloh taolodandir.
Muxtasar aytganda, muborak oy davomida qilgan xayrli amallarimizning mukofoti beriladigan hayit kuni Buyuk Rabbimizdan yurtimizni tinch-osoyishta, osmonimizni musaffo, xalqimiz turmushini bundan-da farovon qilishini so‘raymiz. Ilohim, yanagi yilgi Ramazonlargacha eson-omonlikda, bag‘ributunlikda yetib olish barchamizga nasib etsin.
Abduqahhor domla YUNUSOV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi