Saxovat va e’tiborning qadri o‘zgacha
Mehr-saxovatning katta-kichigi bo‘lmaydi, u doimo qalbi o‘ksik, mehrga muhtoj kishilar diliga olam-olam quvonch bag‘ishlaydi. Yaxshilik ko‘rganlarning esa ularga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibordan, mehr-muruvvatdan ko‘ngillari shod bo‘ladi. Zero, e’zoz va e’tibor, bir kalima shirin so‘z hech qachon esdan chiqmaydi, bot-bot yodga olinaveradi.
Prezidentimizning 2023 yil 1 martdagi “2023 yil Navro‘z bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyati bo‘limi va Nurota tuman bo‘linmasi tomonidan bayram munosabati bilan “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyida parvarishlanayotganlar holidan xabar olindi.

Adizobod qishlog‘ida joylashgan Nurota “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyi 1994 yil tashkil etilgan bo‘lib, hozirda bu yerda respublikamizning turli hududlaridan kelgan 18 yoshdan oshgan ruhiyatida og‘ir nuqsonlari bo‘lgan 225 nafar I va II guruh nogiron shaxslari parvarishlanib kelinmoqda. Ularning 33 nafari I guruh, 192 nafari II guruh nogironlidir.

– Ko‘ngli kemtik, o‘zgalar parvarishiga muhtoj kishilar ozgina e’tibor va rag‘batning qadrini yaxshi bilishadi, – deydi internat uyi xodimasi, “Shuhrat” medali sohibasi Oysha Qilicheva. – Internatimizda parvarishlanayotganlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shunga qaramasdan ular har kuni kimningdir eshikdan kirib kelishini, holidan bir bor bo‘lsa ham xabar olishini intiqlik bilan kutadi. Bayram oldi tashkil etilgan bugungi uchrashuv ham ayni muddao bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Ularning xursandchiligini, ko‘zlaridagi quvonchni ko‘rib, biz ham xursand bo‘lamiz.
Uchrashuv chog‘ida mehmonlar ular bilan muloqotda bo‘lib, ko‘ngillarini shod etdi. Uchrashuv so‘ngida barcha bemorlar uchun oziq-ovqat jamlanmalari va kiyim-kechaklar tarqatildi. “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan bu kabi xayrli ishlar viloyatning boshqa tumanlarida amalga oshirilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA