Savodxonlik markazi zarur: imlo — millat yuzi
Ma’naviyatning muhim mezoni — savodxonlik. Uning ikki qanoti bor: og‘zaki va yozma nutqni to‘la egallash. O‘z fikrini mustaqil va emin-erkin ifodalay olmaslik, qo‘pol aytganda, fojiadir. Bu esa tilshunoslikning orfografik va orfoepik xususiyatlarini bilish va ularga amal qilishni taqozo etadi.
Ochig‘ini aytish kerak, savodxonlik darajamiz kirill alifbosida ham unchalik yuqori bo‘lmagan. Bu illat lotin yozuviga asoslangan alifboda takrorlanmasligi uchun qayg‘urishimiz lozim.
Lotin yozuviga o‘tish: qonun va amaliyot
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, qabul qilingan ilk hujjatlardan biri aynan davlatning rasmiy yozuvi haqida bo‘ldi. Bu — O‘zbekiston Respublikasining 1993-yil 2-sentabrdagi «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi 931-XII-sonli Qonuni edi. Unda aytilishicha, Qonun Konstitutsiyaga va o‘zbek yozuvining lotin alifbosiga o‘tilgan 1929–1940-yillardagi ijobiy tajribasiga asoslanadi, keng jamoatchilik istak-xohishlarini inobatga oladi hamda respublikaning har taraflama kamol topishi va jahon kommunikatsiya tizimiga kirishini jadallashtiruvchi qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi.
Shundan keyin barcha joylarda o‘quv kurslari tashkil etilib, yangi alifbo bo‘yicha savodxonlikni oshirishga jadal kirishildi. Hokimiyatlar tizimida ham bunga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiq edi. Tashkilot, idora, muassasa, yangi ochilayotgan korxona, firma va mas’uliyati cheklangan jamiyatlar nomlarini lotin yozuvida bexato yozib berish ham shu harakatning namunasi bo‘ldi.
Kezi kelganda e’tirof etish kerak: poytaxt tumanlari orasida eng birinchi bo‘lib Mirzo Ulug‘bek tumanida savodxonlik masalasi tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Binoning birinchi qavatidagi 6-xonada faoliyat yuritgan savodxonlik markazida muhr va tamg‘a tayyorlashga tuman Ichki ishlar bo‘limidan ruxsat olishdan oldin imloviy tasdiq berilar edi. Korxona va muassasalar peshtog‘iga yoziladigan bitiklardan tortib muhr va tamg‘alargacha imloviy jihatdan to‘g‘ri yozib berish vazifasi jamoatchilik asosida kamina zimmasiga yuklangandi. Bu xizmatning tashkilotchisi va tashabbuskori o‘sha paytdagi tuman hokimi, hozirgi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bo‘lganlar. Ular savodxonlik ma’naviyat va ma’rifatning eng muhim bo‘g‘ini ekanini chuqur anglagan edilar.
O‘shanda markaz faoliyatidan ruhlanib, lotin va arab alifbosiga asoslangan yozuvimizni o‘rgatishga qaratilgan «Sirli sandiq savodxonlik saroyi» nomli intellektual teleko‘rsatuvni tashkil etdik va uni bir necha yil mobaynida tomoshabinlar hukmiga havola etganimiz hamon yodimda.
Savodxonlik — xalq ma’rifatining ko‘zgusi
Darhaqiqat, savodxonlik xalq ma’naviyati va ma’rifatining ko‘zgusidir. Usiz inson ma’rifat mohiyatini ham, tafakkur olamini ham anglashi mushkul. Shu bois unga e’tibor qaratish bir qancha muammolarning yechimiga yo‘l ochadi.
Davlatimiz rahbarining kitobxonlikni keng ommaviy da’vat etgani va bu borada ikkita qaror qabul qilgani ham millatning qalb-u qiyofasiga, xalqning ma’naviy dunyosiga, savodxonlik darajasiga daxldor o‘zak masalalar ekanini chuqur his etishidir. Prezidentimizning «Kitob o‘qimagan odamning ham, millatning ham kelajagi bo‘lmaydi» degan so‘zlari barchamizga qaratilgan ma’rifiy xitob bo‘lib yangradi. Chunki kitob mutolaasi so‘z boyligini oshiradi, nutqni o‘stiradi, tafakkurni rivojlantiradi va imloviy savodxonlikka xizmat qiladi.
Bugungi manzara: peshtoqdan ijtimoiy tarmoqqacha
Afsuski, ko‘cha-ko‘ydagi yozuvlarda, shiorlarda, idoralar peshtoqlaridagi bitiklarda nuqsonlar uchrayotganiga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarning yozishmalari, alifboda mavjud bo‘lmagan allambalo belgilardan foydalanishlari bizni tobora savodsizlik qa’riga tortmoqda, bu esa salbiy odatga aylanib qolishi hech gap emas. Kamchiliklar borligini bilib turib, masalaga panja orasidan qarasak, millat ma’naviyati va ma’rifatiga ham e’tiborsizlik qilgan bo‘lamiz.
Xalqaro tajriba nimani ko‘rsatadi?
Rivojlangan davlatlarning aksariyatida savodxonlik markazlari bor. Rossiya, Buyuk Britaniya va AQSHda aholi savodxonligini oshirishga ixtisoslashgan tashkilotlar doimiy faoliyat yuritadi. Bu haqda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asrorlarini o‘qitish va malakasini oshirish markazi tomonidan, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Inomjon Azimov mas’ul muharrirligida chop etilgan «O‘zbek adabiy tili ish daftari» o‘quv qo‘llanmasida ham ma’lumot keltirilgan. Bunday markazlar turli yosh, soha va kasbiy yo‘nalishlarda ish olib boradi.
Buyuk Britaniya — «National Literacy Trust» (Milliy savodxonlik fondi). Fond aholining iqtisodiy jihatdan nochor qatlamiga savodxonlikni oshirishda amaliy ko‘mak beradi, o‘rta maktablar bilan hamkorlik qiladi, tahlil va dasturlari bilan o‘rtoqlashadi, ilmiy tadqiqotlar olib boradi; siyosatchilar va ota-onalar uchun savodxonlik muhimligini muttasil targ‘ib qiladi. «Hayot uchun zarur so‘zlar» («Words for Life») veb-saytida turli yoshlarda o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan so‘zlar mavzular bo‘yicha birlashtirilgan va ota-onalarga mashg‘ulotlar tavsiya etiladi. Fond o‘qituvchilar uchun ham kurslar taklif qiladi: «Questioning the News: Critical literacy in English» (Yangiliklarni tanqid qilish: ingliz tilida tanqidiy savodxonlik), «Improving Writing in Key Stage 2» (Tayanch ta’limda yozma nutq malakasini rivojlantirish), «Teaching Reading in Key Stage 2» (Tayanch ta’limda mutolaaga o‘rgatish), «Words for Work» (Ish uchun zarur so‘zlar). Kurslarda o‘qib va eshitib tushunish hamda fikrni yozma va og‘zaki ifodalashga urg‘u berilishi e’tiborga loyiq.
AQSH — «Key to Literacy» (Savodxonlik kaliti). Tashkilot kasbiy rivojlanishga yo‘naltirilgan, tushunish, lug‘at boyligi, savodli yozish va savodli gapirish bo‘yicha alohida kurs va treninglar taklif etadi; saytida darslar, dasturlar va ilmiy tadqiqot namunalarini e’lon qilib boradi. Kurslar qatorida «Tushunish», «Lug‘at boyligi», «Yozish orqali mazmunni anglash» va yozishga oid qo‘shimcha mavzular bor.
Rossiya — «Sentr gramotnosti» (Savodxonlik markazi). Uning asosiy maqsadi savodxonlik bo‘yicha masofaviy ta’limni yo‘lga qo‘yish, «onlayn trenajyor» yaratish, shuningdek, rus tilini ommalashtiruvchi va rusiyzabon aholining yozma nutqi sifatini oshiruvchi ijtimoiy va internet loyihalarini ishlab chiqishdir (qo‘llanma, 8-bet). Markaz to‘rtta kurs taklif etadi:
1. Boshlang‘ich «Xatosiz yozish kursi»: imlo va punktuatsiya asoslari, «Kundalik yozishmalar» darajasi.
2. Chuqurlashtirilgan «Xatosiz yozish kursi»: chuqurlashtirilgan imlo va punktuatsiya qoidalari, «Matn tahriri» darajasi.
3. Yuqori darajadagi «Xatosiz yozish kursi»: imlo va punktuatsiyaning nozik jihatlari, «Matn tahriri» darajasi.
4. «Yozma nutq uslubiyati» kursi: matnning tushunarliligi, bog‘liqligi va ishonarliligi, «Matn yozish va tahrir qilish» darajasi.
Barcha kurslarda maqsad bir: tilni amaliy qo‘llash malakasini, fikr va ma’lumotni to‘g‘ri tushunish hamda yetkazish ko‘nikmasini shakllantirish.
Til — umumiy, nutq — individual
Til — umumiy, nutq esa individual hodisa. Demak, til elementlaridan foydalana olish nutq egasining bilim saviyasi, so‘z boyligi, tanlash va qo‘llay olish darajasiga bog‘liq.
Afsuski, til ta’limida o‘quvchiga qoidalarni yod oldirish, grammatikani chuqurlashtirish tendensiyasi avj olgan. Vaholanki, til imkoniyati va nutq vositalaridan foydalanish asnosida muloqot etiketi va muomala madaniyatiga ega bo‘lish muhim. O‘rinsiz chuqurlashtirilgan nazariy qoidalar, grammatik talablar va muloqot uchun zarur bo‘lmagan oborotli jumlalar o‘rniga fikrni sodda va ravon ifodalash malakasini shakllantirish kerak. Professorlar Qozoqboy Yo‘ldoshev va Baxtiyor Mengliyevning mulohazalari bejiz emas. B. Mengliyevning «ona tili ta’limini tilshunoslik iskanjasidan qutqaraylik» degan da’vatida ham haqiqat bor. Til va nutqdan maqsad — muloqot mezonlari: tinglash, so‘zlash va murojaat orqali fikr almashishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish.
Davlat tilining to‘la amalda bo‘lishi ham shu jarayonga bevosita daxldor. Og‘zaki va yozma nutq madaniyati bo‘yicha savodxonlikka erishish, avvalo, davlat tiliga e’tibor, Prezident iborasini qo‘llaganda, «millatga, mustaqilligimizga, ona Vatanga bo‘lgan ehtirom va sadoqat»dir.
Nega aynan Savodxonlik markazi?
Savodxonlik — insonning ko‘rgan, bilgan, o‘qigan, eshitgan va guvoh bo‘lgan narsa-hodisa haqidagi ma’lumotni mustaqil ravishda og‘zaki va yozma yetkaza olish uquvidir. Buni to‘la shakllantirish ta’lim tizimining muhim bosqichidir, shuning uchun Savodxonlik markazini tashkil etish zarur. U quyidagi muammolarning yechimiga imkon beradi:
1. Birinchidan, lotin yozuviga asoslangan alifboda aholining turli qatlamlarida savodxonlik darajasini oshirish, diktant, bayon, insho va esse yozish malakasini shakllantirish;
2. Ikkinchidan, ko‘cha-ko‘ydagi, idora va muassasalar peshtog‘idagi bitiklar, shiorlar va reklamalarning imloviy jihatdan to‘g‘ri yozilishiga erishish;
3. Uchinchidan, o‘zbek adabiy tili me’yorlariga amal qilish, turli lahja, sheva va dialektlardan xoli, tilning sofligi uchun kurashish;
4. To‘rtinchidan, og‘zaki va yozma nutq madaniyatining amalda qo‘llanilishini, tilning orfoepik va orfografik qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish;
5. Beshinchidan, ta’lim tizimida sifat, samara va natijadorlikka yo‘l ochish, nutq va til taktikasi taraqqiyot strategiyasining ta’sirchan va innovatsion mexanizmi ekanini unutmaslik;
6. Oltinchidan, ona tili ta’limida tildan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish: og‘zaki va yozma nutqni tushunish hamda fikrni og‘zaki va yozma ifodalash malakasiga erishish;
7. Yettinchidan, do‘stona muloqot va samimiy muomala etiketini shakllantirish, nutqni tushunish va fikrni aniq ifodalashga o‘rgatish orqali kommunikativ yondashuvni, ya’ni tilning muloqot vositasi sifatidagi vazifasini to‘la yo‘lga qo‘yish;
8. Sakkizinchidan, og‘zaki nutqning turli ko‘rinishlarida — monolog, dialog, suhbat, intervyu, bahs-munozarada — so‘zlovchining fikrini chigallashtirmay, ochiq va ravon bayon etish kompetentligiga qaratilgan ritorik mahorat va notiqlik san’atini takomillashtirish.
Xulosa o‘rnida, savodxonlik — kitobdan boshlanadi, maktabda shakllanadi, jamiyatda mustahkamlanadi. Uni tasodifga yoki ayrim tashabbuslarga tashlab qo‘yish mumkin emas: uning uchun tizim, markaz va mas’uliyat kerak. Bugun yozuvimizga befarq bo‘lsak, ertaga o‘zligimizga befarq bo‘lib qolamiz.
Rahimboy Jumaniyozov,
pedagogika fanlari doktori, professor,
O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi