Savdo yarmarkalarida 1 kilo mol go‘shti 55 ming so‘m sotilmoqda
Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligi arafasida Andijon viloyati hokimi tashabbusi bilan Andijon shahri hamda viloyatning barcha tuman va shaharlari markazlarida oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdo yarmarkalari tashkil etildi.
Andijon shahar markazida, shuningdek, 13 ta mahalla guzarida ish boshlagan ana shunday savdo yarmarkalari rastalaridan “Andijon viloyati bozorlari va savdo majmualari” uyushmasi, “Andijongo‘shtsutsavdo”, “Andijonbaliq” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, viloyatdagi agrofirmalar, parrandachilik korxonalari, savdo tashkilotlari mahsulotlari, shuningdek, fermer xo‘jaliklari hamda dehqonlar tomonidan yetishtirilgan, ishlab chiqarilgan meva-sabzavotlar, oziq-ovqat va poliz mahsulotlari o‘rin olgan.
[gallery-3495]
– Mahallamiz guzarida tashkil etilgan yarmarkada 50 yaqin turdagi qishloq xo‘jaligi, poliz, oziq-ovqat mahsulotlari va sabzavotlar sotilmoqda, – deydi Andijon shahrining 5-qichik dahasida yashovchi Umidaxon Karimjonova. – Ayniqsa, mol, tovuq go‘shti, baliq hamda tuxum bozorga nisbatan arzon narxlarda, ham plastik kartalarga sotilayotganligidan behad xursandmiz.
Hamyurtlarimizning bayram dasturxonlari to‘kin bo‘lishini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ushbu savdo yarmarkalari shahar aholisi uchun katta qulaylik yaratmoqda. Qolaversa, savdoga qo‘yilgan mahsulotlar narxi bozordagiga nisbatan arzon. Bundan tashqari, namunali xizmat ko‘rsatilishi, plastik kartalar orqali ham savdolarning yo‘lga qo‘yilganligi yurtdoshlarimizga manzur bo‘lmoqda.
Savdo yarmarkalarida 1 kilogramm mol go‘shti 55 ming so‘m, tuxum 800 so‘m, piyoz, kartoshka, sabzi, guruch, paxta yog‘i singari mahsulotlar bozorga nisbatan arzon narxlarda sotilmoqda. Yaratilgan ushbu qulaylikdan aholi behad mamnun bo‘lmoqda.
Xalqimizning eng aziz, eng ulug‘ ayyomi – Istiqlol bayrami munosabati bilan tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari aholi turmush farovonligini oshirishga, xalqimiz dasturxoni to‘kinligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Bu kabi savdo yarmarkalari viloyatning barcha tuman va shaharlari markazlarida ham tashkil etildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA