Saudiya: investitsiya, kitobxonlik va diplomatiya bir nuqtada tutashdi
Saudiya Arabistonida so‘nggi kunlarda turli sohalarni qamrab olgan muhim jarayonlar bir vaqtning o‘zida namoyon bo‘ldi. Riyozda o‘tgan Sport investitsiya forumi xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qilgan bo‘lsa, Jizon mintaqasida kitobxonlik darajasi yuqori natijalarni qayd etdi. Shu bilan birga, Jidda shahridagi oliy darajadagi uchrashuvlar mintaqaviy diplomatiyaning faollashganini ko‘rsatdi.
“SPA” axborot agentligi yozishicha, uch kun davom etgan Sport investitsiya forumi dunyo bo‘ylab investorlar va sport industriyasi vakillarini birlashtirdi. Tadbir doirasida strategik sessiyalar, hamkorlik platformalari va investitsiya loyihalari muhokama qilindi. Ayniqsa, ayollar sportini rivojlantirish, texnologiyalar va sport turizmi kabi yo‘nalishlar asosiy mavzulardan biriga aylandi.
Bu jarayonlar fonida Jizon mintaqasi mamlakatda kitobxonlik bo‘yicha yetakchi hudud sifatida qayd etildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, aholining katta qismi yil davomida kamida bitta kitob mutolaa qilgan. Yangi kitob yarmarkasi va ma’rifiy tashabbuslar ushbu natijalarga turtki bergan omillardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Shu kunlarda Jidda shahrida Saudiya valiahdi Muhammad bin Salmon Suriya prezidenti bilan uchrashib, ikki tomonlama munosabatlar va mintaqadagi vaziyatni muhokama qildi. Uchrashuvda hamkorlikni kengaytirish va dolzarb masalalar bo‘yicha muvofiqlashuvga erishishga alohida e’tibor qaratilgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA