Sarsongarchilik va tarqoq tizimdan xonadonlarga kirib borgan adolatli ijtimoiy himoya sari
Mustaqillikning 35 yilligi
Bugun O‘zbekiston o‘z tarixiy taraqqiyotining mutlaqo yangi, shiddatli va insonparvar bosqichini bosib o‘tmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, chuqur va tizimli islohotlar markazida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan va bugun hayotimizning bosh qoidasiga aylangan “Inson qadri uchun” degan tamoyil mujassam. Ayniqsa, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimidagi tub burilishlar, tizimli yangilanishlar xalqimiz hayot sifatini tubdan yaxshilash, jamiyatda “hech kim hech qachon e’tibordan chetda qolmaydi” degan qat’iy ishonch tuyg‘usini qaror toptirishga xizmat qilmoqda.
Xo‘sh, biz bunga qanday yetib keldik? Bugungi kundagi tizimli o‘zgarishlarning tub mohiyati, siyosiy-huquqiy va tarixiy ahamiyati nimada? Ushbu savollarga javob topish uchun yaqin o‘tmishning achchiq haqiqatlariga hamda bugungi kun realligiga nazar tashlash, ularni xolisona taroziga qo‘yish kifoyadir.

Agar yaqin o‘tmishga, ya’ni bundan 8-10 yil oldingi davrga nazar tashlasak, aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida tizimli muammolar, konseptual kamchiliklar va surunkali og‘riqlar mavjud bo‘lganini yaqqol ko‘ramiz. Ilgari ijtimoiy yordam ko‘rsatish vazifasi tarqoq, bir-biridan uzilgan tizimga ega edi. Bu vazifa Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi, Moliya vazirliklari, Pensiya jamg‘armasi va mahallalar o‘rtasida tarqatib yuborilgan tartibda amalga oshirilgan. Yagona davlat siyosatini yuritish, ajratilayotgan mablag‘larning manzilli va to‘g‘ri yetib borishini nazorat qilish deyarli imkonsiz edi.
Eng achinarlisi, tizimda byurokratiya va sansalorlik avj olgani bois, muhtoj oilalar davlatdan oddiygina ijtimoiy nafaqa yoki ko‘mak olish uchun ham o‘nlab idoralar ostonasida sarson bo‘lib, haftalab ma’lumotnoma yig‘ishga majbur bo‘lardi. Qaror qabul qilishda inson omili yuqori bo‘lgani sababli, ijtimoiy yordam haqiqatda muhtoj bo‘lgan oilalarga emas, balki ko‘pincha “tanish-bilishchilik” yoki mahalliy sub’ektiv qarashlar asosida taqsimlanardi.
Bundan tashqari, o‘sha davrdagi yondashuv mutlaqo passiv xarakterga ega edi. Davlatning bor funksiyasi faqat vaqtinchalik pul yordami berishdan iborat bo‘lib, oilalarni kambag‘allik botqog‘idan olib chiqish, ularning bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘rgatish va iqtisodiy mustaqillikka erishtirish kabi faol chora-tadbirlar kun tartibida belgilanmagandi. Bu esa jamiyatda boqimandalik kayfiyatining ildiz otishiga sharoit yaratardi. Muxtasar aytganda, o‘tgan davrda ijtimoiy himoya tizimi insonni muammodan ozod qiluvchi emas, balki uni muammo bilan birga yashashga mahkum etuvchi vaqtinchalik vosita bo‘lib qolgandi.
Mamlakatimizda boshlangan yangi davr islohotlarining eng katta, tarixiy va ortga qaytmas yutuqlaridan biri bu – Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining umumxalq referendumi asosida qabul qilinishi bo‘ldi. Bosh qomusimizda ilk bor O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekanligi qat’iy belgilab qo‘yildi.
Bosh qomusimizda mustahkamlangan ijtimoiy davlat tamoyillari asosida har bir fuqaroning munosib hayot kechirishi, uy-joyga ega bo‘lishi, malakali tibbiy yordam va sifatli ta’limdan mutlaqo erkin foydalanishi konstitutsiyaviy kafolatga aylandi. Shu bilan birga, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotganlar va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar davlatning alohida muhofazasi va otalig‘iga olinib, kambag‘allikni qisqartirish hamda ishsizlikka qarshi izchil kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida qat’iy muhrlandi. Ahamiyatlisi, ushbu konstitutsiyaviy o‘zgarishlar shunchaki balandparvoz shiorlar emas, balki bugun har bir vatandoshimizning hayotida, ro‘zg‘orida va ertangi kunga bo‘lgan ishonchida aks etayotgan amaliy huquqiy poydevordir.
Shuningdek, ijtimoiy himoya sohasidagi islohotlar ijrosini ta’minlash, tizimni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mutlaqo yangi tuzilma – Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Buni sohadagi eng katta institutsional qadam va inqilobiy yangilanish deyish mumkin. Ijtimoiy himoya milliy agentligining tashkil etilishi sohada tub burilish yasab, tarqoq holdagi barcha xizmat va funksiyalarni, mablag‘ hamda metodologiyani yagona markazga jamladi.
Bugungi kunda shahar va tumanlarda faoliyat yuritayotgan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari og‘ir vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga mahalla darajasida kompleks ijtimoiy, psixologik va yuridik ko‘mak berayotgan bo‘lsa, tizimga yangi kirib kelgan professional “ijtimoiy xodimlar” har bir oilaning ahvolini xonadonlarga kirgan holda individual o‘rganib, ularning ichki kechinmalari va muammolarini joyida aniqlagan holda manzilli ish olib bormoqda.
Qolaversa, yangi tizimning muvaffaqiyati zamonaviy raqamli texnologiyalar bilan bevosita bog‘liqdir. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan raqamlashtirish siyosati ijtimoiy sohadagi korrupsiya, tanish-bilishchilik va byurokratiya kabi illatlarga butunlay chek qo‘ydi. Jumladan, “Yagona ijtimoiy himoya reyestri” axborot tizimining ishga tushirilishi sohada shaffoflikni ta’minladi.
Bugungi kunda nafaqa yoki ijtimoiy yordam tayinlash jarayonida inson omili to‘liq bartaraf etilgan. Oilaning daromadlari, ko‘chmas mulki va avtotransport vositalari haqidagi ma’lumotlar vazirliklarning elektron bazalaridan avtomatik ravishda olinadi. Ariza beruvchining haqiqatda muhtoj yoki muhtoj emasligini raqamli tizim aniqlaydi. Mablag‘lar esa hech qanday vositachilarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqaroning bank kartasiga o‘tkazib berilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash modeli faqat nafaqa berish bilan cheklanib qolmaydi. Bu borada dunyo tajribasida mutlaqo noyob bo‘lgan yangi tizim – “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” mexanizmlari yaratildi. Mazkur tizim va manzilli dasturlar doirasida kambag‘allik chegarasidagi oilalarning ishsiz a’zolari, xotin-qizlar va yoshlar bepul kasb-hunarga hamda zamonaviy IT-texnologiyalarga o‘qitilayotgan bo‘lsa, o‘z biznesini boshlash ishtiyoqidagi fuqarolarga imtiyozli kreditlar, qaytarib berilmaydigan subsidiyalar va tikuv mashinasi, zarur asbob-uskunalar kabi mehnat jihozlari ajratilmoqda. Iqtidorli, ammo ijtimoiy sharoiti og‘ir bo‘lgan talabalarning oliy ta’lim muassasalaridagi shartnoma pullari davlat tomonidan to‘liq to‘lab berilmoqda.
Bunday sa’y-harakatlar natijasida yuz minglab oilalar nafaqaxo‘rlikdan chiqib, tadbirkor, kasanachi va doimiy daromad egasiga aylanmoqda. Bu esa jamiyatda boqimandalik muhiti o‘rnini sog‘lom raqobat va mehnatsevarlik egallayotganidan dalolat beradi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, O‘zbekistonda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimida amalga oshirilgan transformatsiya shunchaki oddiy sohaviy islohot emas, balki milliy davlatchiligimiz tarixidagi buyuk ma’naviy va siyosiy evrilishdir. Biz bugun tarixiy bir pallada turibmiz. Mamlakatimiz o‘z mustaqilligining shonli 35 yillik bayramini kutib olmoqda. Ortda qolgan o‘ttiz besh yillik mashaqqatli va sharafli yo‘limizga nazar tashlar ekanmiz, Yangi O‘zbekiston bosqichida erishilgan eng katta yutuq – bu inson qadrining davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganidir.
Bugun Yangi O‘zbekiston fuqarosi o‘z davlatining ishonchli himoyasida ekanligi, uning qadri va manfaatlari har narsadan ustun turishini yurakdan his qilmoqda. Ijtimoiy adolat va inson qadri mujassam bo‘lgan davlatning poydevori esa hamisha zavolsizdir. Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yiga eng munosib tuhfa – bu ertangi kuniga qat’iy ishonch bilan boqayotgan, davlatidan rozi va baxtli yurtdoshlarimizning kulgusi, ularning xonadonlaridagi qut-barakadir.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA