Sariosiyoda xavfli guruh aniqlandi
Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani tergov bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tergov jarayonida Bog‘ishamol mahallasida yashovchi Sohib To‘rayev jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tarqatish bilan shug‘ullangani aniqlangan.
22 yoshdagi bu shaxs shu yil sentyabr oyidan boshlab, Internet jahon axborot tarmog‘idagi “Telegram Video” tarmog‘i orqali diniy ekstremistik oqim a’zolarining g‘oyaviy ta’siriga tushib, diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tumandagi Feruz mahallasida yashovchi, ishsiz, 25 yoshdagi So‘fixon Obidov (ism-familiyalar o‘zgartirildi)ga tarqatib kelgan.
Shuningdek, Obid So‘fixonov joriy yil sentyabr oyidan Internet jahon axborot tarmog‘idagi “Telegram Video” tarmog‘i orqali diniy ekstremistik oqim a’zolarining g‘oyaviy ta’siriga tushib, diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tumandagi Bog‘ishamol mahallasida yashovchi tanishi 23 yoshdagi Zohid Bakirov va Akmal To‘xliyevga tarqatib kelgani ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Sohib To‘rayevga Jinoyat kodeksining 2441-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan, Obid So‘fixonovga 159-moddasi 1-qismi bilan qo‘shimcha ayblov e’lon qilinib, jinoyat ishiga qo‘shilgan. Ayni paytda jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tarqatib, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilmoqchi bo‘lgan mazkur shaxslar ishi bo‘yicha tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA