Sarimsoqpiyoz parvarishlash bo‘yicha amaliy seminar
Qishloq xo‘jaligi
Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani “Olmachi” MFYda joylashgan "Gulchi opa tomorqa xizmati" MCHJ negizida tashkil etilgan tomorqachilik klasteri o‘quv binosida sarimsoqpiyoz ekish va parvarishlash hamda tomorqadan samarali foydalanish afzalliklari mavzuida mahorat darslari o‘tkazildi.
O‘quv-seminarda Sh.Rashidov tumanidagi “Olmachi”, “Xalqobod”, “G‘azg‘ontepa”, “Qangli”,”Nurafshon”, “Yoyilma”, Zarbdor tumanidagi “Toshkesgan”,”Yoshlik”,”Ravot” MFYlaridan kelgan tomorqa yer egalari va mahalla vakillari ishtirok etishdi. Tasdiqlangan jadval bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kursida tomorqadan samarali foydalanish, 3-4 marotaba hosil olish, piyoz va pomidor ekish hamda parvarishlash mavzularida foydali maslahatlar, tavsiyalar berildi.
O‘quv markazi rahbari Sh. Noriyeva sarimsoqpiyoz yetishtirishda yuqori hosildorlikka erishish uchun birinchi navbatda urug‘ tanlashga e’tibor qaratish kerakligi, urug‘ noto‘g‘ri tanlangan taqdirda kutilgan natijaga erishilmasligi hamda urug‘ unib chiqish davridan hosili yig‘ishtirilishiga qadar bajariladigan agrotexnik tadbirlar bo‘yicha tushunchalar berildi.

Seminar qatnashchilari ushbu mahallada tomorqa yer maydonidan samarali foydalanib, sarimsoqpiyoz yetishtirayotgan To‘lqin Hamroqulov xonadonida bo‘lib, sarimsoqpiyoz yetishtirish davrida bajariladigan agrotexnik tadbirlarni amalda ko‘rishdi. Bundan tashqari, ularga ekinlarda uchraydigan kasalliklarga qarshi kurashish uchun ishlatiladigan dori vositalari to‘g‘risida ham tushunchalar berildi. Shuningdek, gulchilik sohasida amalga oshirayotgan ishlar, gul ekish va parvarishlash bo‘yicha nazariy hamda amaliy ko‘rsatmalar berilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollargfa javob qaytarildi. Ishtirokchilar o‘quv darsi davomida ko‘chatchilik, gulchilik, parrandachilik, bedanachilik, quyonchilik, chorvachilik va boshqa yo‘nalishlar bilan ham tanishib chiqishdi.
Dars davomida tumanlardan tashrif buyurgan tomorqa yer egalari, mahalla faollari va boshqalarga uslubiy qo‘llanmalar, tarqatma materiallar tarqatildi. Tashrif buyurganlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olgani va bu yerdan olgan tushunchalarini o‘z mahallalariga borib, targ‘ib qilishni aytishdi.
O‘quv markazida barcha tumanlardan o‘quv markaziga kelib tajriba oshirish istagini bildirgan dehqon va tomorqa yer egalari bepul o‘qitiladi.
Bunday tadbirlar viloyat bo‘ylab davom etmoqda.
Jahongir Galayev,
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa
yer egalari kengashi yetakchi mutaxassisi