Sardoba qovuniga xalqaro bozorlarda talab ortmoqda
Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida yetishtirilgan qovunlar xalqaro bozorlarda tobora xaridorgir bo‘lmoqda. Joriy yilning hisobot davrida tumandan 920,6 tonna qovun eksport qilinib, 420 ming AQSH dollari miqdorida valyuta tushumi ta’minlandi. Bu mahalliy polizchilik mahsulotlarining tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligi ortib, eksport geografiyasi izchil kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, eksport qilingan qovunlarning asosiy qismi Rossiya Federatsiyasiga yo‘naltirilgan. Shuningdek, Qirg‘iziston, Germaniya, Ukraina va Latviyaga ham katta hajmda mahsulot yetkazib berildi. Bu esa Sardobada yetishtirilayotgan qovunlar nafaqat qo‘shni mamlakatlar, balki Yevropa bozorlarida ham munosib o‘rin egallayotganini tasdiqlaydi.

Hududda eksportbop mahsulotlar yetishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Poliz ekinlarini yetishtirishda zamonaviy agrotexnologiyalardan samarali foydalanish, mahsulotlarni saralash va qadoqlash tizimini takomillashtirish, logistika imkoniyatlarini kengaytirish hamda eksportyorlar bilan hamkorlikni mustahkamlash tashqi bozorlarga sifatli mahsulot yetkazib berishda muhim omil bo‘lmoqda.

— 2026-yilning birinchi yarim yilligida Sardoba tumani uchun 1 million 979 ming AQSH dollarlik eksport rejasi belgilangan edi. Amalda esa 3 million 590 ming dollarlik eksport amalga oshirilib, prognoz ko‘rsatkichi 180 foizga bajarildi.
Hozir tumanning Robot mahallasida qovun mahsulotlarini qabul qilishga ixtisoslashgan to‘rtta eksport punkti faoliyat yuritmoqda. Bu yerda dehqonlar va eksportyorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mahsulotlar ortiqcha vositachilarsiz tashqi bozorlarga chiqarilmoqda.
Ayni vaqtda Sardoba qovunlari Rossiya, Germaniya, Latviya, Angliya va boshqa davlatlar bozorlariga muntazam eksport qilinmoqda, — deydi Sardoba tumani hokimligi Investitsiyalar, sanoat va savdo bo‘limi bosh mutaxassisi Bekzod Do‘stbegov.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, eksport hajmining barqaror o‘sishi fermer va dehqonlarning daromadini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda hududning eksport salohiyatini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, eksportyorlar va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikning kengayishi mahalliy mahsulotlarning xalqaro sifat talablariga mos holda yetishtirilishi va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda.


Muhimi, Sardobada yetishtirilayotgan qovunlar nafaqat ichki bozorda, balki xorijlik iste’molchilar dasturxonidan ham munosib o‘rin egallamoqda. Bu esa mahalliy polizchilik mahsulotlarining sifati, eksportbopligi va xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligi tobora ortib borayotganining yorqin tasdig‘idir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri