«Sardoba-Oqsaroy tekstil» ishga chorlaydi, ammo...
Sirdaryo viloyatida 2020 yil 1 may kuni sodir bo‘lgan «Sardoba» suv ombori toshqini vayronagarchiliklarni keltirib chiqargan edi. Ammo qisqa fursatlarda talafot oqibatlarini bartaraf etish maqsadida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
Sardoba tumanidagi Do‘stlik va Yurtdosh mahalla fuqarolar yig‘inlarida 1 ming 480 o‘rinli 37 ta zamonaviy besh qavatli bino qurildi. Ana shu ko‘rkam shaharchaga hamohang ravishda, ko‘p qavatli uylarning shundoqqina ro‘parasida yangi inshoot qad rostladi.
– Biz suv toshqini talafotidan zarar ko‘rgan kishilarga madadkor bo‘lishga ahd qildik va qisqa muddat ichida ushbu korxonani barpo etdik, – deydi toshkentlik tadbirkor Asqar Haydarov. – Bizning «Oqsaroy xolding» kompaniyamiz tasarrufida mamlakatimizning turli hududlarida 7 ta tikuv fabrikasi mavjud bo‘lib, Sardobadagi ushbu korxona ular orasida biz uchun eng qadrlilaridan biridir.
Har qanday xorijiy ilg‘or va noyob korxonalardan aslo qolishmaydigan, «Sardoba – Oqsaroy tektil» fabrikasining 850 kvadrat-metr joyni egallagan ichki bosh povilonida eng zamonaviy tikuv va to‘quv mashinalari joylashtirilgan.
Bu yerda tayyorlanayotgan mahsulotlar import uchun mo‘ljallangan. Ishchi-xizmatchilarning asosiy qismi ayollar ekanligi hisobga olinib, ularning farzandlari bepul tarbiyalanishi mo‘ljallangan holda, shoshilinch ravishda 200 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilayapti. Bundan tashqari, kuniga 2 ming dona non ishlab chiqaradigan sex qurilishi ham avjida.
Korxonada chevarlar o‘rtacha 1 million so‘m atrofida oylik ish haqi oladi, kechki smena va dam olish kunlari ishlayotgan ishchilarga 2 baravar miqdorda qo‘shimcha ish haqi to‘lanmoqda. Hamma bepul issiq taomlar va maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlanayapti.

– Korxona ishga tushirilganida rejalarimiz katta edi, hozirda 227 nafar ishchi-xizmatchiga egamiz, xolos, – deydi Asqar Haydarov. – Biz bu yerdagi yangi uylarga ko‘chib kirgan 1 ming 480 xonadonning hech bo‘lmaganda, uchdan biridan bir nafardan ayolni ishga qabul qilib, qo‘shni mahallalardagi chevarlarni jalb qilgan holda, mo‘ljaldagi 550 yangi ish o‘rniga ega bo‘lamiz, deya rejalashtirgan edik. Uyida bekor o‘tirgan xotin-qizlarni necha bor ishga taklif qilishimizga qaramay ular ishlashni istamayapti. Shu sababli alohida avtobuslar ajratib, uzoq mahallalardan, qo‘shni tumanlar va hatto Jizzax viloyatining Do‘stlik va Mirzacho‘l tumanlaridan xotin-qizlarni ishga jalb qilishga majbur bo‘layapmiz. To‘g‘ri, fabrika byudjet tashkiloti emas, xususiy korxona. Bu yerda ishlab chiqarilgan mahsulotlar sotilishi evaziga ish haqi uchun mablag‘ jamg‘ariladi. Joriy yilning o‘tgan mart oyida 90 million so‘mlik mahsulot sotilgan bo‘lsa, 240 million so‘mi ish haqi uchun sarflandi. O‘z zaxira mablag‘imiz hisobidan ish haqi ajratishga majbur bo‘ldik. Ammo bu vaqtincha. Shunday sharoitda bir-ikki marta ish haqi kechikkanini ro‘kach qilib, o‘zi ham ishga chiqmay va boshqalarni ham ishlashdan qaytarayotgan xotin-qizlar ham bor. Ammo biz bu ishni bir o‘zimiz eplay olmaymiz, birlashsak bu sinovlarni yengib o‘tamiz.
Odamlar orasida boqimandalik, beg‘amlik, eng achinarlisi, el-yurt, o‘z oilasi byudjeti, farzandlari rizq-ro‘zi uchun harakat qilmaslik kabi illatlar borligi achinarli hol.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan toshqindan aziyat chekkan hudud aholisi, ayniqsa xotin-qizlarining bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Aholini kasb-hunarli qilish, bandligini ta’minlash maqsadida o‘quv kurslari tashkil etildi. «Sardoba – Oqsaroy tektil» fabrikasi singari yangi-yangi korxonalar ishga tushirildi.
Ayni vaqtda bu yerda yangi shaharlarda bo‘lmagan sharoitlar mujassam. Endi mehnat qilish, el-yurt koriga yarash, farzandlarning yaxshi ta’lim-tarbiya olishi uchun harakat qilish fuqarolarning o‘z qo‘lida.
Suyun Namozov,
O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi a’zosi
Furqat Toshmatov (surat), O‘zA