Sara urug‘ – yuqori hosil garovi
Namangan tumanidagi “Navbahor namunasi” fermer xo‘jaligida g‘o‘za urug‘chiligi, iqlimbop va serhosil paxta navlarini yetishtirishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Namangan tumanidagi “Navbahor namunasi” fermer xo‘jaligida g‘o‘za urug‘chiligi, iqlimbop va serhosil paxta navlarini yetishtirishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.Tadbir davomida urug‘chilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari, paxtani qayta ishlash va urug‘lik chigit tayyorlash korxonalari, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari mutaxassislari “Navbahor namunasi” fermer xo‘jaligi dalalaridagi g‘o‘za holati, uni parvarishlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlar bilan yaqindan tanishdi.
Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Namangan viloyati dalalarida ham mo‘l paxta hosili yetishtirilmoqda.
Joriy yilda viloyatdagi 242 fermer xo‘jaligida “Namangan-77”, “Namangan-34”, “Andijon-35”, “S-6524”, “S-8286”, “Porloq-1”, “Porloq-2”, “Sulton”, “Andijon-36”, “Buxoro-102”, “To‘raqo‘rg‘on-4” kabi g‘o‘zaning sinovdan o‘tkazilayotgan yangi navlari parvarishlanmoqda.
“Navbahor namunasi” fermer xo‘jaligi urug‘lik chigit yetishtirish bo‘yicha boy tajribaga ega. Xo‘jalikda o‘tgan yili 30 gektar maydonda g‘o‘zaning “Porloq-2” navi ekilib, yuqori hosildorlikka erishildi. Joriy yilda ham xo‘jalikda yangi navlar ustidagi izlanish va tajribalar izchil davom ettirilmoqda.
Tadbirda mutaxassislar tomonidan fermerlarga yuqori sifatli urug‘lik yetishtirishning muhim omillari haqida maslahat va tavsiyalar berildi.