Saqlangan sogʻ, saqlanmaganning yuragi dogʻ
Uyda oʻtirib bolaligimni esladim.
Uyda oʻtirib bolaligimni esladim. Ajib davrlar ekan. Biroz qaysar edik...
Qish kunlari onam bizni maktabga kuzatayotib, “Bolam, sharfingni oʻrab ol, koʻchada telpagingni yechma, tanaffusda paltoni kiyib chiq“, deb tayinlar edi. Biz esa bola feʼlimiz bilan bunga koʻp ham amal qilmasdik. Shamollab qolganimizda, yoʻtalganimizda onamning dili qanchalar ezilganini hozir tushunayapman.
Saqlangan sogʻ, saqlanmaganning yuragi dogʻ, deydi donishmand xalqimiz. Shu kunlarda bu maqolni koʻp eslayapmiz. Hammamiz uchun sinov davri kechayapti. Yurtimizda koronavirusning oldini olish choralari koʻrilmoqda. Xalqimiz birdamligi shunday damlarda yana-da bilinadi. Bir-birimizni qoʻllab-quvvatlab, taskin berib turibmiz. Barcha duoda – Yaratgandan bemorlarga shifo, kasallikka yoʻqlik, bu yoʻlda fidoyi kishilarga yana-da quvvat soʻramoqda.
Prezidentimiz biz uchun qaygʻurmoqda. Hukumat barcha zarur choralarni koʻrmoqda. Koronavirus tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi tashkil etildi. Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda aholiga kasallikdan himoyalanish va gigiyenaga oid muhim tavsiyalar hamda mamlakatimizdagi epidemik vaziyat haqida tezkor va aniq maʼlumotlar berib borish tizimli yoʻlga qoʻyildi.
Aholi xavfsizligini taʼminlash maqsadida tashkilotlar faoliyati muvofiqlashtirildi, dunyoning barcha davlatlari bilan qatnovlar toʻxtatildi. Ommaviy tadbirlar oʻtkazilishi taqiqlandi. Yurtimiz hududiga kirib kelgan, xususan, charter reyslar bilan olib kelingan fuqarolarimizni 14 kun davomida maxsus ajratilgan tibbiyot muassasasi yoki karantin tadbirlarini tashkil etishga moslashtirilgan bazalarda boʻlishi, uy sharoitida karantinga olinishi yoʻlga qoʻyildi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyalari hamda Xitoy, Koreya davlatlari tajribasini oʻrgangan holda amaliyotga tatbiq etilgan mazkur cheklov choralari yurtimizdagi epidemik vaziyatni nazoratda ushlab turish imkonini berayotgan boʻlsa-da, kasallanish koʻrsatkichi oʻsib bormoqda. Ikkita oʻlim holati qayd etildi.
Statistik maʼlumotlar dunyoda koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat hamon murakkabligicha qolayotganini koʻrsatib turibdi. Bugun aksariyat mamlakat aholisi ushbu kasallikdan aziyat chekmoqda. Italiya, AQSH, Fransiya kabi davlatlardagi ogʻir epidemik vaziyat sergaklikni oshirish, kasallikka qarshi kurashish choralarini yana-da kuchaytirish lozimligini koʻrsatib turibdi.
Ayni vaziyatda rivojlangan mamlakatlar, jumladan, Yevropa davlatlari kasallik tarqalishini jilovlay olmayapti. Odamlarni uyda qoldirish qiyin kechayapti.
Hozirgi vaziyatda pandemiyaga barham berishning birgina chorasi – kasallik yuqishining oldini olish boʻlib turibdi. Shu bois, aksariyat davlatlarda qattiq karantin rejimi – favqulodda vaziyat eʼlon qilingan. Tartib-qoidalarga amal qilmayotgan aholiga nisbatan keskin choralar koʻrilmoqda.
Ayni vaziyatda barchamiz tegishli koʻrsatmalar asosida yashayapmiz, shifokorlarning tavsiyalariga amal qilayapmiz. Lekin oramizda ushbu cheklovlarni notoʻgʻri talqin qilayotgan, talab va tavsiyalarga befarq, loqayd yurtdoshlarimiz ham uchrab turibdi. Maqsad-bemaqsad yoki turli sabablarni roʻkach qilgan holda koʻchaga chiqish, oilaviy bordi-keldilar davom etayapti.
Zarurat yuzasidan dorixonaga borishimga toʻgʻri keldi. Sotuvchi qizning soʻragan dorilarimni berishini kutib turganimda chamasi 35-40 yoshlar oraligʻidagi bir kishi ortimdan kelib, navbatga turdi. Unga oraliq masofani saqlashini, hech boʻlmasa bir metr uzoqda turishini aytdim. U esa menga jahl aralash yuzida tibbiyot niqobi borligini va kasal emasligini roʻkach qildi. Uyga qaytayotsam bir ayol koʻchada itini aylantirib yuribdi. Yoʻlimda davom etarkanman, doʻkondan chiqayotgan ota-bola eʼtiborimni tortdi. Bolaning qoʻlida “Kukuruz” bor xolos. To uyga yetib kelgunimcha shunga oʻxshash yana bir qancha manzara guvohi boʻldim...
Mutaxassislar, xususan, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti pandemiyaga aylanib ulgurgan koronavirus kasalligini bartaraf etishning eng samarali usuli uyda oʻtirish ekanini taʼkidlamoqda. Taxminiy hisob-kitoblarga qaraganda, barchamiz uyda qolib, koʻchaga chiqmasdan muloqot zanjiridan uzila olsak, bir oy muddatda kasallik tarqalishining oldini olish mumkin ekan.
Odamlar oʻrtasidagi muloqotlarga chek qoʻyilgachgina, kasallik bir odamdan ikkinchi odamga yuqishining oldi olinadi. Shu bois, bizdan birgina talab – uyda qolish soʻralmoqda.
...Onam uchun hozir ham yosh bolaman. Kuniga uch-toʻrt marta telefon qilib, koʻchaga chiqmasligimni tayinlaydi, Yaratgandan oʻz panohida asrashini soʻrab duo qiladi. Bugun barchamiz shu niyatdamiz.