Santo-Domingoda “Kurash haftaligi” o‘tkazildi
Okeanorti mamlakatlarida “Kurash haftaligi” doirasida seminarlar, uchrashuvlar va musobaqalar o‘tkazildi.
Milliy o‘yinlar maqomidan xalqaro sport turi darajasiga ko‘tarilgan kurashning Amerika qit’asida tashkil etilayotgan tadbirlari kuni kecha Santo-Domingodagi muhtasham Olimpiya markazida Panamerika chempionati va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kechgan World Series Pro turniri bilan o‘z poyoniga yetdi.


Musobaqa jarayonlarida Dominikan Respublikasi Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Xose Xoakin Puyello, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi mutasaddilari, Panamerika kurash ittifoqi rahbari Xayme Kazanova, O‘zbekiston kurash federatsiyasi mutaxassislari ishtirok etib, bellashuvlarning texnik-taktik holatini nazorat qilib bordi.



Musobaqalarda Shimoliy va Janubiy Amerika qit’asining bir qator mamlakatlaridan sportchilar ishtirok etgani, bahslarni yuzlab sport ixlosmandlari, jurnalistlar, jismoniy tarbiya va sport ekspertlari kuzatib borgani milliy qadriyatlarimizning bir bo‘g‘ini bo‘lgan kurashning xalqaro maydondagi ommalashuvi jadal ketayotganini ko‘rsatdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA