Sanoatlashtirilgan tokzorlar barpo etilmoqda
Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida bo‘sh turgan yer maydonlariga Oltiariq tajribasi asosida sanoatlashtirilgan tokzorlar barpo etilishi agrar soha rivoji va yangi bozor mexanizmlarining joriy etilishida muhim qadam hisoblanadi. Bunday loyihalar qishloq xo‘jaligini samarali va daromadli sohalardan biriga aylantirishi shubhasiz.
Ayni paytda tashabbus doirasida tumanga 5000 dona uzum ko‘chati olib kelinib, 5 gektar maydonga ko‘chat o‘tqazish ishlari boshlab yuborildi.

Mahalliy fermerlarning aytishicha, uzum ko‘chatlari 1 yildan so‘ng hosilga kirib, 1 gektar maydondan 50 tonnadan ziyod hosil olish imkoniyatini beradi. Shuningdek, tokzorlarni barpo etishda tuman hokimining tashabbusi bilan Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidan tajribali bog‘bonlar ham jalb etilgan.


– Hozirda 5 gektar maydonda tashkil etilayotgan ushbu tokzor kelasi yil hosilga kiradi va bundan 1 yillik sof foyda 750 milliondan 800 million so‘mgacha yetishi kutilmoqda, – deydi tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Oybek Tojiyev. – Bu esa tuman iqtisodiy-ijtimoiy ko‘rsatkichlarini yaxshilash bilan birga mavsumiy aholi bandligini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Yaqin istiqbolda bu kabi tokzorlar tuman hududida 30 gektar maydonda tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
O‘.Alimov, O‘zA muxbiri