Sanoat zonasi qurilishi davom etmoqda
Buxoro viloyati Buxoro tumani “Novmetan” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 20 gektar maydonda sanoat zonasi tashkil etilmoqda. Bu yerda kichik tadbirkorlarga qiymati 2,5 milliard so‘mgacha, o‘rta tadbirkorlarga 5 milliard so‘mgacha 7 yillik, 2 yillik imtiyozli davr bilan sanoat va xizmat ipotekasi asosida bino qurish uchun imtiyozli kredit ajratish tartibi belgilangan.
Ayni kunda mazkur sanoat zonasida loyihalarni amalga oshirish jarayonida vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan o‘rganishlar olib borilmoqda. Qurilishni tezlashtirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur kichik sanoat zonasida umumiy qiymati 177 milliard so‘mga teng bo‘lgan 54 ta investitsiya loyihasi joylashtiriladi va mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.


Shuningdek, ushbu sanoat zonasi yonidagi 5 gektar yer maydonida terini qayta ishlash hamda tayyor charm-poyabzal va mo‘yna mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonasi tashkil etiladi. Ayni kunda bu yerda viloyatda yetishtirilayotgan teri xom ashyosini chuqur qayta ishlash yuzasidan istiqbolli loyihalarni joylashtirish maqsadida loyiha tashabbuskorlari jalb etilmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.