Sanoat yarmarkasida 37 ta memorandum imzolandi
Nukus shahrida tabiiy va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash, neft-gaz, kimyo sohalari bo‘yicha tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tashkil etilgan «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati markaziy stendida tizim tarkibidagi korxonalar tomonidan mahalliy sanoatni rivojlantirish va kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar namoyish etildi.
Yarmarkada shuningdek, Rossiya Federatsiyasining «Xromos Injiniring» kompaniyasi bilan hamkorlikda analitik boshqaruv bokslari, laboratoriya gaz, suyuqlik va sanoat xromatograflari, kislorod, simob analizatorlari mahsulotlarini mahalliylashtirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar taqdimoti o‘tkazildi.
Ishtirokchilarga «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni kooperatsiya usulida ishlab chiqarishni rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha axborot berildi. Xususan, tarmoq importining har bir pozitsiyasini tahlil qilgan holda uni mahalliy korxonalar tomonidan o‘zlashtirish jarayonlarini to‘liq muvofiqlashtirib borish ishlarini tizim korxonalariga taqsimlab berish tajribasi alohida e’tirof etildi.
Tadbirda «O‘zbekneftgaz» AJ tarkibidagi korxonalar tomonidan umumiy qiymati 42 milliard so‘mlik 47 ta kooperatsiya shartnomalari bo‘yicha takliflar shakllantirildi. Shuningdek, yangi mahsulot turlarini birgalikda o‘zlashtirish yuzasidan 23 ta tadbirkorlik sub’ekti bilan 37 ta memorandum imzolandi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA