San’at orqali ifodalangan yurt go‘zalligi
Navoiy viloyatida ham O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilgan Xalqaro an’anaviy tasviriy va amaliy san’at haftaligi davom etmoqda.
Haftalik doirasida viloyat Ma’naviyat va ma’rifat markazida taniqli rassom, mohir ijodkor Nurillo Choriyev ijodiga bag‘ishlangan “Vatan manzaralari” nomli san’at ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida Navoiy viloyat Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Nodirjon Niyozov haftalik davomida rejalashtirilgan tadbirlar, rassomning faoliyati, madaniyat va san’atning rivojiga qo‘shayotgan hissasi haqida to‘xtalib o‘tdi.

– Mazkur haftalikni o‘tkazishdan asosiy maqsad madaniy merosni asrab-avaylash va targ‘ib qilish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, san’at sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashdir, – dedi N.Niyozov. – Haftalik doirasida oliy ta’lim va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari talabalari tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmalar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, modalar namoyishio‘tkaziladi. Shuningdek, taniqli rassomlar bilan uchrashuvlar, “Mahorat saboqlari” ham rejalashtirilgan. Bu esa yoshlarni san’atga bo‘lgan qiziqishini oshirish bilan birga, ustozlardan qimmatli maslahatlar olish, sohaning sir-asrorlarini o‘rganish uchun ham bir imkoniyatdir.

Ko‘rgazmada rassomning ona yurtning betakror go‘zalligini aks ettirgan rangtasvir va grafik asarlari namoyish etilmoqda.
“Vatan manzaralari” turkumidagi har bir asarda tabiat go‘zalligi, xalq ruhi va milliylik chuqur badiiy ifodasini topgan.

Tadbir nafaqat san’at asarlarini tomosha qilish, balki yurtimiz go‘zalligini yangi nigoh bilan kashf etish imkonini yaratayotganligi bilan ham ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri