San’at fidoyilari sharaflandi
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida Prezidentimizning kuni kecha qabul qilingan “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni asosida Vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallariga sazovor bo‘lgan bir guruh ijodkorlarni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan vazirlik binosiga soha vakillari, ijodkorlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov mamlakatimizdagi yangilanish jarayonlarida madaniyat va san’at, adabiyot rivojiga katta e’tibor qaratilayotganini e’tirof etdi. Kuni kecha e’lon qilingan qo‘shaloq farmonlar soha vakillarining mehnatini e’zozlash borasidagi ezgu ishlarning yorqin namunasi bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, sohaning 167 nafar vakili yuksak faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi.
Mukofotlanganlar orasida teatr va kino san’ati namoyandalari, boy madaniy merosimizni rivojlantirish va uni yoshlarga yetkazish yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan ustozlar, zahmatkash ziyolilar, umidli yoshlar borligi e’tiborga molik. Tadbirda mamlakatimizning bir guruh ijodkorlariga mukofotlar topshirildi. – Bunday e’tibordan g‘oyat mamnunmiz, – dedi O‘zbekiston davlat filarmoniyasining Davlat akademik xalq cholg‘ulari orkestri badiiy rahbari Shuhrat Tolipov.
[gallery-29698]
– Mehnatimizning bunday yuksak e’tirofi, e’zoz va e’tibor uchun Prezidentimiz, xalqimizga tashakkur bildiramiz. Tantanali tadbirda mamlakatimizning bir guruh madaniyat va san’at namoyandalariga mukofotlar topshirildi.
Nazokat Usmonova, Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA