SamDUning Urgut filiali yangi binoda ish boshladi
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 13 yanvardagi “Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga ko‘ra, pedagogika, axborot texnologiyalari va hududda ehtiyoj yuqori bo‘lgan boshqa sohalarda kadrlar tayyorlash maqsadida o‘tgan o‘quv yilida tashkil etilgan Samarqand davlat universitetining Urgut filiali yangi o‘quv yilini zamonaviy binoda boshladi.
Shu munosabat bilan filialda o‘tkazilgan tadbirda universitet rahbariyati, viloyat faollari va Urgut tumani jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.
[gallery-13447]
– Urgut tumani viloyatimizda Samarqand shahridan keyin aholisi eng ko‘p hududlardan biri hisoblanadi – dedi Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti rektori, professor Rustam Xolmurodov. – Tabiiyki tumanda pedagogika va bugungi zamonaviy kasblarni egallagan mutaxassislarga talab yuqori. Shu sababli davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘tgan yil Urgutda universitetimizning filiali tashkil etildi. Dastlabki o‘quv yilidayoq 12 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 516 nafar talaba o‘qishga qabul qilindi. Bu yil esa ular safiga yana 450 nafar yigit-qizlar qo‘shildi. Talabalarning qulay sharoitda bilim olishlari uchun filialga ajratilgan bino bir yil davomida mukammal ta’mirlanib, jihozlandi. Zamonaviy o‘quv laboratoriyalar tashkil etildi, axborot texnologiyalari joriy etildi. Ayni paytda talabalar uchun 600 o‘rinli yotoqxona binosi qurilmoqda va bu bino ham yaqin orada foydalanishga topshiriladi. Biz ishonamiz, talabalarimiz bu imkoniyatlardan foydalanib, o‘zlari tanlagan sohaning yetuk mutaxassislari bo‘lib yetishadi va yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shadi.
Tadbir qatnashchilari filial binosida yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar bilan tanishdi. Talabalar bilan suhbatlashib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA.