SamDU va Sukuba universiteti hamkorligi rivojlanadi
Sukuba universiteti rektori, Yaponiya davlat universitetlari rektorlar kengashi rahbari Kyosuke Nagata boshchiligidagi delegatsiyaning Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Senat Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, viloyat hokimi o‘rinbosari Xurshid Ochilov, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti birinchi prorektori, professor Jo‘liboy Eltazarov, Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Ilhomjon To‘xtasinov ham ishtirok etdi.


Uchrashuvda ta’lim, fan, madaniyat sohalarida, shuningdek, ijtimoiy-siyosiy masalalar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish, kelgusida ilm-fanning dolzarb muammolarini birgalikda hal etish zarurligi haqida so‘z bordi.
Mutaxassislar hamkorlikda suvni tejash, yaylov, ekologiya, tuproq sho‘rlanishining oldini olish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish hamda sharq nodir qo‘lyozmalarini tatbiq etish mavzularini ham muhokama qilib, ayni yo‘nalishlardagi istiqbolli rejalar belgilab olindi.


– 2022 yil sentyabrda “Yaponiya – O‘zbekiston” rektorlar forumi o‘tkazilgan edi, – deydi janob Nagata. – Anjumanda SamDU vakili bilan uchrashib, ko‘nglimga ushbu nufuzli oliy o‘quv yurti bilan hamkorlik qilishni tugib qo‘ygan edim. Mana, bugun Samarqanddaman va mazkur qadimiy dargoh haqida yanada ko‘proq ma’lumot to‘plash imkoniga egaman. SamDU va Sukuba universiteti tuzilmasi, tarixiyligi nuqtai nazaridan bir-biriga juda o‘xshash. Har ikki mumtoz ta’lim muassasasining ilmiy salohiyati juda yuqori, bunga shubha yo‘q. Masalan, bir necha xalqaro markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilgani SamDU dunyo reytingida kun sayin yuqorilab borayotganidan dalolat. Ayniqsa, bu yerda Yaponiya ta’limi va madaniyati markazi ochilgani meni juda quvontirdi.



SamDU axborot xizmati