SamDU 600 yoshda: tarix va haqiqat
Bundan maʼlum boʻladiki, oʻsha davrdagi Samarqandda “Madoris” – madrasalar koʻp sonli boʻlgan.
Taʼlim tarixi musulmon renessansining taniqli tadqiqotchilaridan biri Adam Mesning maʼlumotiga koʻra, islom mamlakatlaridagi eng birinchi bilim maskanlari – madrasalar IX-X asrlarda Sharqning yirik madaniy markazlari boʻlmish Samarqand, Buxoro, Balx va Nishopurda paydo boʻlgan.
Samarqandda bunday madrasa va madrasayi oliyalarniig maydonga kelishida asosiy omillardan biri islom sivilizatsiyasining yetuk mutaxassislarga boʻlgan katta ehtiyoji boʻlsa, ikkinchisi, uning oʻsha davr madaniy, ilmiy, iqtisodiy va tijoratda tutgan katta oʻrnida ham edi. X asr mualliflari qayd etishlariga koʻra, oʻsha davrdagi butun Sharqda Samarqandning mavqei nihoyatda baland bulgan. 982-983-yillarda yozilgan, muallifi nomaʼlum “Hudud al-olam” nomli jugʻrofiy asarda Samarqandning katta va obod shaharligi, unda butun jahonda tijoratchilar toʻplanishi va bu yerda ishlab chiqarilgan qogʻoz turli tomonlarga olib ketilganligi taʼkidlanadi.
X asr boshlarida Somoniylar davrida vazirlik lavozimida ishlagan Abu Abdulloh ibn Ahmad Jayhoniy (vaf. 941-y.) oʻzining “Ashkol al-olam" nomli arab tilida yozgan asarida Samarqand ahlining doimiy odobi rabotlar qurish, xayriyalar berish, masjid va madrasalarga vaqf sifatida mol-davlatlarini sarf etishdan iborat ekanligini qayd etadi. Bundan maʼlum boʻladiki, oʻsha davrdagi Samarqandda “Madoris” – madrasalar koʻp sonli boʻlgan.
Madrasalarda oʻziga xos kutubxonalar boʻlib, ularda oʻquv jarayoni, ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun xizmat qiladigan qoʻlyozma manbalar mavjud boʻlgan. Shuning natijasida oʻsha davrdagi ilmiy-madaniy va adabiy hayotning holati, undagi alloma va shoirlarning ilmiy-adabiy merosi ana shu madrasalar faoliyatining hosilasi -mahsuli sifatida namoyon boʻladi.
“Gʻiyos ul-lugʻat” da madrasa dars oʻqish joyi tarzida izohlansa, 1871-yilda L.Budagov tomonidan tuzilgan turkiy soʻzlar lugʻatida “madrasa” - gimnaziya, oliy oʻquv yurti, masjid qoshidagi seminariya tarzida izohlanib, madrasayi ulum-universitet, deb sharhlanadi.
Oliy taʼlim dargohi oʻrta maxsus bilim yurtlari madrasalardan farq qilib, taʼlimning oliy bosqichi madrasayi ulum deb atalgan. Ular xozirgi universitet maqomida “Madrasayi ulum”, “Madrasayi oliya” – deb ham atalgan va oliy taʼlim muassasasi sifatida oʻz zamonining universiteti maqomida boʻlgan.
Manbalardagi maʼlumotlarga koʻra, X asrning oxiriga kelib Samarqandda 17 ta madrasa boʻlgan. Bular orasida madrasayi oliya maqomiga ega boʻlgan madrasalar ham mavjud boʻlgan. Shaharda madrasalarning soni XI-XII asrlarda va XIII asr boshida orta boradi va ularning faoliyati ham rivojlanadi, XII-XIV asrlar – moʻgʻul istilosi davrida aksariyat madrasalar xarob holga keltirilib, yoʻq qilindi, faoliyati toʻxtatildi.
Maʼlumki, sohibqiron Amir Temur davrida olamshumul noyob milliy madaniy yuksalish jarayoni – Renessans yuz berdi, natijada saltanat poytaxti Samarqand madaniy sanʼat va ilm fan taraqqiy etgan markazga aylandi. Saʼdiddin Masʼud Taftazoniy, Sayyid Jurjoniy, Salohiddin Muso Qozizoda Rumiy, Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy kabi keyinchalik mashhur boʻlib ketgan olimlar ilm istab bu shaharga keldilar. Madrasa qurilishida “muhandislar sultoni” degan faxrli unvon sohibi mavlono Gʻiyosiddin Jamshid Koshiyning (1385-1430) xizmatlari benihoya katta.
Amir Temur va temuriylar davrida Movarounnahr va Xurosonda, xususan, poytaxt Samarqandda fan va madaniyatning yangidan tugʻilishi Amir Temur va uning nabiralari Muhammad Sulton va Mirzo Ulugʻbek nomi bilan bogʻliq. Sohibqiron Amir Temur Samarqandni poytaxt sifatida tanlaganidan soʻng uning har jihatdan mukammal va namunali boʻlishiga alohida eʼtibor qaratgan. Bu hol taʼlim tizimi muassasalaridan boʻlmish madrasa va madrasayi oliyalarni qurish, ularni yetuk allomalar, mudarrislar bilan taʼminlash ishida ham yaqqol koʻzga tashlanadi.
Shu davrda Amir Temurning amirlaridan Idiku Barlos, Shohmalik, Feruzshoh, malika Saroymulkxonim – Bibixonim va nabiralari Muhammad Sultonlar tomonidan qator madrasalar, jumladan, madrasayi oliyalar qurdirilgan. Keyinchalik bu faoliyatni Amir Temurning nabirasi Mirzo Ulugʻbek keng koʻlamda rivojlantirdi, jahonga mashhur ilmiy kashfiyotlarni maydonga keltirgan madrasayi oliya va rasadxona majmuasini bunyod etdi. Muhammad Sultonning Amir Temur maqbarasi kompleksiga kirgan madrasasi 1398-1401-yilda qurilgan, Mirzo Ulugʻbekning madrasayi oliyasi 1417-1420-yillarda Registonda va ikkinchi madrasasi undan biroz keyin Amir Temur maqbarasida, Muhammad Sulton madrasasining qarshisida (oʻng tarafida) qurilgan. Mirzo Ulugʻbek taʼsis etgan birinchi madrasayi oliyaning faoliyati qurilganidan to 1918-yilgacha davom etgan.
Samarqandda – Registonda qurilgan majmua oʻz koʻlami, salohiyati va madrasayi oliyaligi bilan juda tez Sharqda mashhur boʻlgan. U boshqa madrasayi oliyalardan oʻqitish tizimining mukammalligi, ilmiy ishlarning koʻlami va olamshumulligi, dunyoviy darslarning koʻpligi va olimlarining mashhurligi bilan farq qilardi. Shuningdek, Mirzo Ulugʻbekning Samarqandda qurdirgan madrasayi oliyasining betakror va nodirligi uning qoshida qurulgan rasadxonasi va peshtoqiga yetti iqlim xaritasi chizilgan ulugʻvor meʼmoriy obidasi hamdir.
XVI asr oxiri XVII asrning boshlarida Samarqand tarixi haqida maʼlumot bergan Roqim Samarqandiyning “Tarixi kasira”sida yozilishicha, madrasa oʻz faoliyatini keyinchalik ham davom ettirgan. XVII asrning oxiri – XVIII asrning birinchi yarmida Samarqandda sodir boʻlgan xarobalik tufayli bu madrasa bir muddat oʻz faoliyatini toʻxtatadi.
XVIII asrning oxiri – XIX asrning boshlarida amir Shohmurod Mirzo Ulugʻbek madrasasining faoliyat olib borishiga sharoit yaratadi. Shundan soʻng u XX asrning 20 yillariga qadar faoliyat koʻrsatgan. Afsuski, 1918-yilda bolsheviklar hukumatining qarori bilan Samarqanddagi barcha madrasalar faoliyati toʻxtatildi.
XX asrda Sovet hukumati Samarqandning qadimgi ilmiy va madaniy salohiyatini va Mahmudxuja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurrauf Fitrat, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Choʻlpon kabi ziyolilarning matbuotda toʻxtovsiz chiqishlarini eʼtiborga olgan holda respublika poytaxti Samarqandda 1924-yili ikki yillik pedagogik yoʻnalishdagi oliy oʻquv yurtini ochish haqida qaror qabul qilinadi. Madrasa talabalari va mudarrislari ushbu oliy taʼlim maskanlariga jalb kilindi. Shunday qilib, XX asrda yangi shakl va mazmunda Ulugʻbek madrasayi oliyasining xaqiqiy vorisi boʻlmish Samarqand Davlat universitetining qaytadan shakllanishiga asos yaratildi. Shundan soʻng, Samarqandda 1927-yil Oliy Pedagogika instituti maydonga kelib, keyinchalik, 1930-yili Samarqand Oliy Pedagogika akademiyasi deb ataldi, 1933-yili u Oʻzbek Davlat universiteti va 1960-yildan Samarqand Davlat universitetga aylantirildi.
Hozirgi kunda Samarqand Davlat universiteti Mirzo Ulugʻbek madrasayi oliyasining bevosita vorisi boʻlib, uning taʼsis etilish tarixi ham 1420-yilga Mirzo Ulugʻbek madrasayi oliyasining taʼsis etilish sanasiga borib taqaladi. Bu Buxoro, Xiva, Toshkent va boshqa shaharlarda avvaldan mavjud boʻlgan madrasayi oliyalar va ularning vorislari boʻlmish universitetlarga ham taalluqlidir.
Oliy taʼlim muassasalari tarixini har tomonlama chuqur oʻrganish va yoritish orqali tarixiy xaqiqatni tiklash mustaqillik davrining eng ulugʻ neʼmatlaridan biridir.
Dilorom YUSUPOVA
Oʻz FA Sharqshunoslik instituti
yetakchi ilmiy xodimi, t.f.d., prof., akademik