Samarqandning zukko kitobxonlari aniqlandi
Aholi, ayniqsa yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazilayotgan "Zukko kitobxon" ko‘rik-tanlovining Samarqand viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Onlayn tartibda o‘tkazilgan hududiy saralash bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan zukko kitobxonlardan iborat jamoalar viloyat bosqichida o‘z bilimlarini yana bir sinovdan o‘tkazishdi.
– Bu galgi bahslarda jamoalar kitobxonlik madaniyati nechog‘lik yuksalib borayotganligini namoyish etishdi,–- deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi Olimjon Eshqulov.– Ishtirokchilarimizning asosiy qismi savol o‘qib eshittirilgan zahoti javobni taqdim etib, berilgan asarlarni diqqat-e’tibor bilan mutolaa qilganini isbotlashdi. Bu yakuniy natijalarda ham o‘s aksini topdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Qo‘shrabot tumani kitobxonlari "Zukko kitobxon" viloyat bosqichi g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Ishtixon tumani jamoasiga, uchinchi o‘rin esa Kattaqo‘rg‘on shahar jamoasiga nasib etdi. G‘olib va sovrindorlar belgilangan pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
[gallery-16196]
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari