Samarqandlik xattot Qur’onni ko‘chirdi
Samarqandlik xattot Abdujalil Ergashev 60x80 sm hajmdagi katta Qur’on kitobini ko‘chirib yozdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lumot bermoqda.
“Ulug‘ kalom bitilgan kitobni uch yil mobaynida ikki tomonlama 310 varaqqa, 620 sahifada arab kufi xatida yozishga muvaffaq bo‘ldim”, - deydi xattot.
Uning aytishicha, Samarqand qog‘ozi umrboqiyligi, har ikki tomoniga ham yozish mumkinligi hamda suvda ivimasligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun ham ayni namunadagi qog‘ozdan foydalangan.
“Konigil-Meros” hunarmandlik markazida ishlab chiqariladigan Samarqand qog‘ozi aholi orasida “balx tuti”, deb ataluvchi tut navi po‘stlog‘idan tayyorlanadi. Hozir bunday qog‘oz Yaponiyada qadimiy yozma bitiklar, nodir asarlarni ta’mirlashda ham keng qo‘llanmoqda.
Qur’oni karimning bizgacha yetib kelgan 10 qadimiy qo‘lyozmasi mavjud: “Birmingem”, “Sana”, “To‘pqopi”, “Samarqand”, “Sankt-Peterburg”, “Havorang”, “Ibn al-Bavaba”, “Analus”, “Mag‘rib”, “Sevilya” qo‘lyozmalari.
Qur’oni karimning eng yirik va qadimiy nusxalaridan biri – “Usmon Musfahi” ham O‘zbekistonda, “Mo‘yi Muborak” madrasasida saqlanadi.
O‘zA