Samarqanddagi marafonda 23 davlatdan 1100 nafar ishtirokchi qatnashdi
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi madaniyat va sanʼatni rivojlantirish fondi tashabbusi bilan bir qator vazirlik va idoralar hamkorligida Samarqand shahrida Samarkand Half Marathon – xalqaro xayriya marafoni oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi madaniyat va sanʼatni rivojlantirish fondi tashabbusi bilan bir qator vazirlik va idoralar hamkorligida Samarqand shahrida Samarkand Half Marathon – xalqaro xayriya marafoni oʻtkazildi.
Mamlakatimizda ilk bor tashkil etilgan mazkur xalqaro marafon madaniyat va sanʼat obyektlaridagi inklyuzivlik masalalariga jamoatchilik eʼtiborini qaratish, shuningdek, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va sport turizmini rivojlantirishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Marafondan tushgan mablagʻ Toshkent shahridagi teatrlardan birida tiflosharhlar yordamida sahna asarlari namoyish etiladigan tajriba loyihasi amalga oshirishga yoʻnaltiriladi. Bu zaif koʻruvchi va koʻzi ojiz tomoshabinlarga sahna asari haqida toʻliq tasavvur hosil qilishga imkon beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.Abduhakimov, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov marofon qatnashchilarini tabriklar ekan, tadbirning ana shu jihatlariga eʼtibor qaratdi.
Shundan soʻng dunyoning 23 davlatidan kelgan 1100 nafardan ortiq sportchi va havaskorlar Islom Karimov koʻchasidan 10, 21.1, 2 kilometr masofada marafonga kirishdilar.
Marafonchilar Samarqand shahri koʻchalari boʻylab, jumladan, Registon majmuasi, Amir Temur maqbarasi, Hazrati Xizr masjidi, Xoʻja Doniyor yodgorligi, Mirzo Ulugʻbek muzey-majmuasi, Bibixonim masjidi singari tarixiy obidalar oldidan belgilangan masofani bosib oʻtdilar. Ularni shahar aholisi, mehmonlar olqishlab turdi.
Dastlab, marraga 10 kilometrlik masofani birinchi boʻlib bosib oʻtgan qozogʻistonlik Dmitriy Ivanchukov yetib keldi. Ikkinchi oʻrin hamyurtimiz Yevgeniy Fadeyevga, uchinchi oʻrin esa qozogʻistonlik yana bir sportchi Mixail Krasilovga nasib etdi.
– Ushbu marafonda qatnashish imkoniyatini yaratgani uchun tashkilotchilarga katta rahmat, – deydi Dmitriy Ivanchuk. – Trassa murakkab, ammo masofani birinchi boʻlib bosib oʻtishga muvaffaq boʻldim va shaxsiy rekordimni yangiladim.
10 kilometrlik masofada xotin-qizlar oʻrtasida ham qozogʻistonlik sportchi Tatyana Neroznak gʻolib boʻldi. Oʻzbekistonlik Zarnigor Xudayberdiyeva marraga ikkinchi, Marina Xmelevskaya esa uchinchi boʻlib yetib kelishdi.
21.1 kilometrga yugurgan marafonchilar orasida hamyurtimiz, surxondaryolik Shohrux Davlatov birinchi boʻldi. U ushbu masofani 73 daqiqada bosib oʻtdi.
Keyingi oʻrinlar ham mamlakatimiz vakillari – Andrey Petrov va Begzod Safarovga nasib etdi.
– Samarqandda oʻtkazilgan xalqaro yarim marafonda gʻolib boʻlganimdan juda xursandman, – deydi Shohrux Davlatov. – Bu kun hayotimdagi tarixiy kun boʻlib qoladi. Samarqandda marafonga juda katta tayyorgarlik koʻrilganiga guvoh boʻldim. Mehmondorchilik uchun minnatdorlik bildiraman.
Xotin-qizlar orasida ham ushbu masofada mamlakatimiz vakillari tengsiz ekanliklarini isbotladi. Namanganlik Nurxon Muxiddinova marra chizigʻini birinchi bosib oʻtgan boʻlsa, Yekaterina Tunguskova ikkinchi, Tamila Kochkarova uchinchi boʻldi.
2 kilometr masofada marafon qatnashchilari soni koʻp boʻldi. Sportchilar bilan birga havaskorlar koʻpchilikni tashkil etdi.
Ushbu masofada marra chizigʻini fargʻonalik Xurshid Ahmadaliyev birinchi boʻlib bosib oʻtdi.
Xotin-qizlar oʻrtasida Samarqand davlat universiteti talabasi Marjona Barotova birinchi boʻldi.
– Olti yildan buyon yengil atletika bilan shugʻullanaman, – deydi M.Barotova. – Koʻplab musobaqalarda gʻolib boʻlganman. Lekin bugungi gʻoliblikning zavqi boshqacha boʻldi. Chunki, marafonda taniqli sportchilar bilan birga turli sohalar vakillari, keksalar, havaskorlar ham faol ishtirok etdi.
Marafon gʻoliblari tashkilotchilarning pul mukofoti va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Shuningdek, faol ishtirokchilar, eng yosh va eng keksa marafonchilar ham munosib ragʻbatlantirildi.