Samarqanddagi 48 ta maktab rekonstruksiya qilindi
Samarqand viloyatidagi 1260 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida yangi o‘quv yiliga puxta hozirlik ko‘rildi.
– Bu yil tegishli dasturlar asosida 48 ta maktab rekonstruksiya qilindi, – deydi Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sh.Sultonov. – Ta’lim muassasalarida qo‘shimcha 6490 o‘quvchi o‘rni yaratildi. Umuman, keyingi besh yilda viloyatdagi 1082 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi. Xususan, 10 ta yangi maktab qurildi, 219 tasi rekonstruksiya qilindi, 146 muassasada mukammal va 747 tasida joriy ta’mirlash ishlari bajarildi. Buning natijasida 89 mingdan ortiq qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi.
Yangi o‘quv yilida viloyatda 86751 nafar bola 1-sinfga qabul qilinmoqda. Ularga o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘asi” berildi. Bu yil viloyatda maktab o‘quvchilari soni 773 ming 350 nafarni tashkil qilmoqda.
Yirik xalqaro siyosiy tadbirlar o‘tkazilishi munosabati bilan Samarqand shahridagi umumta’lim maktablarida yangi o‘quv yili 19 sentyabrdan, boshqa tuman va shaharlarda 5 sentyabrdan boshlanadi.
G‘.Hasanov,
O‘zA