Samarqandda xalqaro qurilish ko‘rgazmasi
Jomboy tumanidagi “SOF EXPO Samarkand” ko‘rgazmalar majmuasida “BUILD PRO EXPO–2025” qurilish va pardozlash materiallari, maxsus qurilish uskunalari hamda texnikalarining xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.
Unda mahalliy korxonalar bilan birga Turkiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Belarus, Rossiya, Ozarbayjon kabi o‘ndan ortiq xorijiy davlatdan kelgan 70 ga yaqin kompaniya va ishlab chiqaruvchilar 700 ga yaqin mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.


Ko‘rgazmaning ochilish marosimida Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev so‘zga chiqib, viloyatda qurilish materiallari va uskunalari ishlab chiqarish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, sifatli va raqobatbardosh mahsulotlarga bo‘lgan talabni qondirish borasidagi sa’y-harakatlarga to‘xtaldi. Bugungi kunda viloyat yalpi hududiy mahsulotida qurilish-pudrat ishlari 7 foizni, qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi jami sanoatda 8,2 foizni tashkil etmoqda. Qurilish mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar 1700 dan ortdi va ular tomonidan yiliga qariyb 5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilmoqda.

Mazkur ko‘rgazmada ilk bor Turkiya texnologiyasi asosida ko‘mir yoqilg‘isida tayyorlangan 500-600 markali oq sement taqdim etildi. Bu qurilish xomashyosi bino-inshootlarning tashqi qismlariga ishlov berish, ko‘tarma konstruksiyalar, beton plitalar qolaversa, mustahkam poydevor qorishmalarida ham qo‘l keladi.

5 noyabrgacha davom etadigan ko‘rgazmada qurilish sohasidagi ilmiy ishlanmalar, yangiliklar, innovatsion yechimlar, arxitektura-dizayn, zamonaviy shaharsozlik modellari ham namoyish etilishi bilan birga soha vakillari uchun xalqaro qurilish forumi ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari