Samarqandda sakkizinchi markaz ish boshladi
Samarqand tumanida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi foydalanishga topshirildi.
Joriy yildan yurtimizdagi barcha tuman va shaharlarda Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Samarqand viloyatida ham bugungi kunda Paxtachi, Narpay, Oqdaryo, Payariq, Jomboy, Ishtixon tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrida markazlar uchun alohida bino ajratilib, aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Samarqand tumanidagi markazda aholining ijtimoiy muhofazasi bilan bog‘liq 26 turdagi xizmatni ko‘rsatish uchun barcha imkoniyat yaratildi.

– Bugungi kunda tumanimizda 95 nafar yakka-yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxs bor, – deydi Samarqand tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori Ulug‘bek Mamadiyorov. – Ularga markaz tomonidan biriktirilgan 10 nafar ijtimoiy xodim assistenti reja- jadval asosida xizmatlar ko‘rsatib kelmoqda. 2 nafar yolg‘iz yashovchi keksaning qarindoshlari bilan munosabatlari tiklandi. Shu kunlarda 9 nafar fuqaroga 19 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyena vositalari o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida moddiy yordam, 86 nafariga kommunal to‘lovlar uchun kompensatsiya to‘lovlari to‘lanmoqda. Bundan tashqari, 29 nafar fuqaroga salomatligini tiklashi uchun sihatgohlarga yo‘llanmalar berildi.
Yangi binoning ochilish marosimida Ijtimoiy himoya milliy agentligining viloyat boshqarmasi, tuman hokimligi va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari