Samarqandda respublika forumi boshlandi
Samarqandda xalq ta’limi vazirligi va Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti tashabbusi bilan «Barkamol avlod bolalar maktablari faoliyati samaradorligini oshirish omillari» mavzusida respublika forumi o‘tkazilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 30 sentyabrdagi «Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlarni tahlil etish, bu borada kelgusidagi vazifalarni belgilab olish maqsadida tashkil etilgan tadbirda xalq ta’limi vazirligi, Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari, Buxoro shahar The Knowledge Academy xususiy maktabi hamda respublika, viloyat, tuman (shahar) «Barkamol avlod» bolalar maktablari rahbar va pedagoglari ishtirok etmoqda.



Forumning yalpi majlisida Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov, Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Z.Shodiyeva va boshqalar keyingi yillarda xalq ta’limi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida maktabdan tashqari ta’limni rivojlantirish va samaradorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Bu borada «Barkamol avlod» bolalar maktablari oldida turgan vazifalar haqida so‘z yuritildi. Xususan, innovatsion g‘oya va tashabbuslarni hayotga tatbiq etish, maktablar faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.



Yalpi yig‘ilishdan so‘ng forum sho‘’ba majlislarida davom etdi. Bu majlislar trening shaklida tashkil etilib, ularda «Barkamol avlod» bolalar maktablarini mazmunan va moddiy rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Jumladan, «Barkamol avlod» bolalar maktablarida byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘larni sarflash tartibi, maktablarni rivojlantirish, targ‘ibotini kuchaytirish va pullik xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish, rahbar va pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yangi mexanizmlari, to‘garak rahbarlari va uslubchilarni metodik qo‘llab-quvvatlash, rahbarlarning menejerlik qobiliyatlarini rivojlantirish omillari haqida so‘z yuritildi.
Forum qatnashchilari Samarqand viloyati «Barkamol avlod» bolalar maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA