Samarqandda prokurorlar bir milliondan ortiq fuqaroning yashash sharoiti bilan tanishdi
Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi muammolarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha joylarda sektorlar tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi muammolarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha joylarda sektorlar tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Davlatimiz rahbari asos solgan bu tizim bo‘yicha sektorlarga hokimlar, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati hududiy organlari rahbarlari boshchilik qilmoqda.
Bosh prokuratura matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, prokurorlar sektorlarida aholi bilan bevosita muloqot qilish orqali muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan ishlar davom etmoqda.
Samarqand viloyati prokurorlari o‘tgan yili 160 mingga yaqin xonadonda bo‘lib, 1 milliondan ziyod fuqaro bilan bevosita muloqot olib borgan. Ushbu jarayonda 12 mingdan ortiq muammo borligi aniqlanib, ularni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda bartaraf etishga kirishilgan.
Xususan, Urgut tumani Xo‘jayduq mahallasida yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj 60 xonadonga eng zarur oziq-ovqat mahsulotlari, pul mablag‘lari, gaz ballonlari yetkazilgan.
Payariq tumani G‘allakor, Qo‘lto‘sin, Dovtepa, Nakurt qishloqlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash choralari ko‘rilgan.
Paxtachi tumani Istiqlol mahallasida zamonaviy kutubxona majmuasi hamda til o‘rganishga ixtisoslashgan“Intellekt” o‘quv markazi tashkil etilgan.
Urgut tumani Kenagas hamda Mergancha mahallalarini birlashtirib turuvchi avtomobil yo‘li asfaltlangani aholining mushkulini oson qildi.
Shu bilan birga, viloyatdagi ijtimoiy va boshqa ob’ektlarda aniqlangan bir qator muammolar bartaraf etilgan. Xususan, Paxtachi tumani Zarafshon mahallasi hududidan o‘tuvchi Narpay kanalining ustida piyodalar o‘tishi uchun mo‘ljallangan uzunligi 8 metr bo‘lgan ko‘prik ommaviy hashar yo‘li bilan qayta ta’mirlangan.
Payariq tumani Nakurt mahallalsida mahalliy mablag‘lar hisobidan yangi va barcha sharoitlarga ega tez tibbiy yordam shoxobchasi qurib, foydalanishga topshirilgan.
Viloyatning tuman va shahar prokurorlari sektorlari rahbarlari tomonidan tadbirkorlar bilan muntazam ravishda uchrashuvlar o‘tkazilib, ularga huquqiy maslahatlar, amaliy yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda.
Bu borada 360 yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilib, 700 ga yaqin qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilgan. 32 nafar tadbirkorga yer maydoni berilgan bo‘lsa, 250 nafariga kredit ajratildi. Yuzdan ortiq ishlamayotgan tadbirkorlarning faoliyati tiklanishiga ko‘maklashilgan.
Eksportyor korxonalar qo‘llab-quvvatlanayotgani natijasida viloyatda 2019 yilda 16 million AQSh dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirilgan.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish prokuratura organlarining asosiy vazifalardan hisoblanadi. Bu yo‘nalishda muntazam ish olib borilishi, ayniqsa voyaga yetmaganlar bilan tarbiyaviy soatlar yo‘lga qo‘yilgan. Natijada viloyatda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik kamayishiga erishilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunda prokuratura faqat jinoyat sodir bo‘lganda, jinoyatchini qidiradigan yoki jinoyatchini tergov qiluvchi idora emas, balki odamlar dardiga darmon bo‘lishga intilayotgan xalqchil tuzilmagan aylanmoqda.