Samarqandda Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi ishonch ko‘prigi yanada mustahkamlanmoqda
Dunyo tajribasiga ko‘ra, katta muvaffaqiyatlar hamda xalqaro tashabbuslar samarali muloqotlardan boshlangan. Bir stol atrofida o‘tirib kelishib olish ana shunday kuchga ega.
Kichik biznesda hamkorlik ishonch va ochiq muloqotga tayangani kabi, butun boshli mintaqalar istiqboli ham diplomatik ko‘priklar orqali mustahkamlanadi. Bugun ana shunday ulkan hamkorlik va ishonch rishtalari qadimiy hamda hamisha navqiron Samarqand zaminida yana bir bor tutashmoqda.
Samarqand shahrida bugun – 19-oktabr kuni Markaziy Osiyoning besh davlati va Amerika Qo‘shma Shtatlarini birlashtirgan “C5+1” formatidagi navbatdagi vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi, Qirg‘iz Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeyenbek Kulubayev, Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov hamda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ishtirok etmoqda.

Bugungi kunda ushbu format keng qamrovli iqtisodiy va amaliy loyihalar markaziga aylanib ulgurdi. Eslasak, “C5+1” formati ilk bor 2015-yil noyabr oyida aynan Samarqandda tashqi siyosat idoralari rahbarlarining uchrashuvi bilan ishga tushirilgan edi. O‘shanda qabul qilingan qo‘shma deklaratsiya mintaqa mamlakatlarining suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim poydevor bo‘lgandi.
Undan keyingi yillar davomida bu muloqot geografiyasi kengaydi. Vashington, Gamburg, Nyu-York va Toshkent kabi dunyoning yirik shaharlarini qamrab oldi. Hatto pandemiya kabi sinovli davrlarda ham muloqot to‘xtab qolmasdan, onlayn formatda muvaffaqiyatli davom ettirildi.
Vaqt o‘tishi bilan formatning ko‘lami oshib, eng muhim bosqichga, ya’ni davlat rahbarlari darajasiga ko‘tarildi. Xususan, 2023-yil sentabrda Nyu-Yorkda va 2025-yil noyabrda Vashingtonda “C5+1” yetakchilarining sammitlari o‘tkazilgani buning yaqqol isbotidir.

Bugungi kunda umumiy hamkorlikning uchta asosiy ustuni mavjud. Ular iqtisodiyot, energetika va xavfsizlikni qamrab oladi. Savdo va investitsiyalarni kengaytirish, energetika xavfsizligi, mineral xomashyo salohiyatidan oqilona foydalanish, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, shuningdek, kiberxavfsizlik kabi yo‘nalishlar doimo diqqat markazida turibdi.
Shu bilan birga, hukumatlararo muloqotni to‘ldiruvchi “B5+1” ishbilarmonlik platformasi biznes muhitini yaxshilash va aniq tijorat loyihalarini ilgari surishda muhim ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.
Joriy yilda bu yo‘nalishdagi ixtisoslashgan uchrashuvlar yanada faollashdi. Masalan, iyun oyida Ostonada muhim minerallar, sentabr oyida esa sun’iy intellekt masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston tashabbusi bilan Vashington sammitida erishilgan kelishuvlarni rivojlantirish maqsadida 2026-yil 5-iyun kuni Toshkentda madaniyat vazirlari darajasidagi ilk uchrashuv o‘tkazilib, madaniy merosni saqlash bo‘yicha qo‘shma bayonotlar imzolandi.
Bularning barchasi sheriklik ko‘lami har tomonlama kengayganini anglatadi. Bu siyosiy va iqtisodiy masalalardan tortib, madaniy-gumanitar sohalarni ham qamrab olayotganini ko‘rsatadi.
Samarqanddagi ushbu navbatdagi uchrashuv kun tartibidan ham savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, uzoq muddatli investitsiyalarni jalb etish, sanoat kooperatsiyasi hamda transport, energetika va raqamli infratuzilmani rivojlantirish kabi eng dolzarb masalalar o‘rin olgan.
Ana shunday har bir uchrashuv mintaqa kelajagi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Hayotda muvaffaqiyatli ko‘priklar qurish uchun avvalo bir-birini chuqur tushunib, birgalikda harakat qilish lozim. Shunday ekan, “C5+1” formati ham Markaziy Osiyo va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi ana shunday mustahkam va ishonchli hamkorlik rishtalarini yangi bosqichga ko‘tarishda davom etmoqda.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri