Samarqandda koronavirusning yangi shtammi kirib kelmaydimi?
Bugun mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashib, infeksiya yuqtirish holatlari kamaydi.
Shu bilan birga kasallikning oldini olish va davolash borasida ham yuqori samaradorlikka erishilmoqda.
Ammo shu kunlarda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, ayniqsa, Yevropa mintaqasida koronavirusning mutatsiyaga uchragan yangi shtammi aniqlanib, ushbu xastalikka chalinganlar soni ortib bormoqda. Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda mazkur virus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Jumladan, koronavirusning mutatsiyaga uchragan yangi shtammi mamlakatimiz hududiga kirib kelishini oldini olish maqsadida virus keng tarqalayotgan qator davlatlar bilan aviaqatnovlar to‘xtatildi.
– Ushbu yo‘nalishda viloyatimizda ham kerakli barcha sharoitlar yaratilmoqda, – deydi Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi
boshlig‘ining o‘rinbosari Suxrob Zayniyev. – Xususan, viloyat hokimligi tashabbusi bilan pandemiya davrida kerakli dori-darmonlar zaxirasi yaratildi. Shuningdek, virusning mutatsiyaga uchragan yangi shtammiga qarshi kurashish maqsadida Samarqand davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari hamda viloyatimizda faoliyat yuritayotgan malakali shifokorlardan iborat ishchi guruh tashkil etildi. Hozirda mazkur ishchi guruh tomonidan koronavirusning yangi shtammi keng tarqalayotgan davlatlarda virusning yuqishi va kasallik kechishi xususiyatlari o‘rganilmoqda. Bundan tashqari, mazkur institutda qayta tayyorlov kurslari tashkil etilib, vrach va hamshiralar o‘qitilmoqda.
Viloyatimiz fuqarolaridan ko‘cha va jamoat joylarida tibbiy niqobsiz yurmaslikni, imkon qadar ijtimoiy masofa saqlash va shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etishlarini, shuningdek, qo‘llarni tez-tez sovunlab yuvish yoki antiseptiklar bilan zararsizlantirish va eng asosiysi, agar zarurat bo‘lmasa chet mamlakatlarga chiqish hamda turli yig‘inlarni tashkil etish va ularda ishtirok etishdan saqlanishlarini so‘rab qolamiz.
G‘.HASANOV, O‘zA