Samarqandda bir necha mansabdor ushlandi
Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida davlat mulkini talon-toroj qilish va korrupsiya bilan bog‘liq holatlarning oldini olish, bu illatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida bir qator tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Mazkur tadbirlar chog‘ida bir guruh davlat xizmatchilari ana shunday qabih ishga qo‘l urgani aniqlandi. Xususan, 1987 yilda tug‘ilgan, “Samarqand suv ta’minoti” MCHJ Samarqand shahar filiali rahbari J.Z. ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-taroj qilgan. Hozirda ushbu shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali metrologiya xizmati boshlig‘i, 1966 yilda tug‘ilgan R.J. esa o‘z mansab vakolatlaridan foydalanib, Narpay tumanida joylashgan “Karim qurilish savdo” xususiy korxonasining norasmiy rahbari O.A. tomonidan o‘g‘irlangan tabiiy gaz hisobini yashirish maqsadida, yetkazib berilgan va iste’mol qilingan tabiiy gaz hisob-kitobini muntazam o‘zgartirib kelgan. Shu bilan birga, u yuqori bosimli gaz tarmoqlarida yuzaga kelgan kamomad va ehtimoliy o‘g‘irlik holatlari mavjudligini bilsa-da masofadan turib gaz tarqatish stansiyalaridagi gaz hisoblagichlariga tashqi ta’sir ko‘rsatgan. Ayni paytda R.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mazkur holatga 1982 yilda Narpay tumanida tug‘ilgan, “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali “Narpaytumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan Z.A. ham ko‘maklashib, “Karim qurilish savdo” xususiy korxonasining noqonuniy faoliyatini qo‘llab-quvvatlagan va amalga oshiriladigan tekshiruv tadbirlari xususida ularni oldindan xabardor qilib kelgan. Hozirda, Z.A.ga nisbatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi tariqasida qamoqqa olingan.
Yana bir holatda 1987 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, aksiyadorlik tijorat “Xalq banki” Samarqand filialida chakana bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan Sh.Yu. o‘z mansab vakolatidan foydalangan holda o‘zining nomidagi bank plastik kartasiga noqonuniy ravishda 631 million so‘m kirim qilib, ushbu mablag‘ning barchasini “1 XVET” qimor o‘yiniga tikib, yutqazib qo‘ygan. Ushbu holat yuzasidan Sh.Yu.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish va 2 yil bank sohalarida moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Samarqand viloyati “Qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markazi” direktori, 1980 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan S.G. hamda markaz bosh hisobchisi, 1968 yilda Urgut tumanida tug‘ilgan fuqaro A.J. o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda, markaz mablag‘larini talon-taroj qilib kelganligi aniqlandi. Markazning 2016-2023 yillardagi faoliyati o‘rganilganda bu mansabdor shaxslar 1,3 milliard so‘m mablag‘ni o‘zlashtirib yuborganligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirildi. Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
G‘.HASANOV,
O‘zA muxbiri