Samarqandda 65 nafar shaxs muddatidan oldin jazoni oʻtashdan ozod qilindi
Sayyor qabul kunlarida jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlari tomonidan 65 nafar shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan oldin ozod qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi rahbarligida respublikamizdagi mutasaddi vazirlik va idoralar masʼullari tomonidan Samarqand viloyatida oʻtkazilgan sayyor qabullarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining oʻrinbosari I.Muslimov va Oliy sud sudyalari X.Egamberdiyev hamda F.Tursunov fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqdi.
Oqdaryo, Urgut tumanlari hamda Kattaqoʻrgʻon va Samarqand shaharlarida oʻtkazilgan qabullar davomida 335 nafar fuqaroning uy-joy, mol-mulk, ommaviy-huquqiy munosabatlar, jinoyat ishlari boʻyicha sud qarorlari, maʼmuriy huquqbuzarliklar bilan bogʻliq masalalar yuzasidan murojaatlari tinglandi.
Qabullar jarayonida 227 murojaat ijobiy hal etildi, 108 tasi boʻyicha huquqiy tushuntirish berildi, 41 ta murojaat yuzasidan arizalar Oliy sud tomonidan nazorat tartibida koʻrib chiqish uchun qabul qilindi.
Sayyor qabul kunlarida jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlari tomonidan 65 nafar shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan oldin ozod qilindi. 24 nafar shaxs tayinlangan jazodan shartli ozod qilindi, 26 nafar shaxsning oʻtalmay qolgan jazo muddati yengilrogʻiga almashtirilib, jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilindi va oilasi bagʻriga qaytarildi.
Maʼmuriy ishlar boʻyicha 98 nafar shaxsga oid maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar MJtKning 271-moddasi 11-qismiga asosan tugatilib, javobgarlikdan ozod qilindi.