Samarqandda 50 ta davlat tashkilotining bog‘lari yaratiladi
Yurtimizda “Yashil makon” umummiliy loyihasi asosida kuzgi ko‘chat ekish ishlari boshlandi.
Mazkur tadbirni uyushqoqlik bilan, xalqimizning faol ishtirokida o‘tkazish uchun nuroniylar, xotin-qizlar va faollar yurtimiz aholisiga murojaat bilan chiqdi.
Samarqandlik ziyolilar, faollar ham viloyat ahlini kuzgi daraxt ekish ishlarida faol qatnashishga da’vat etdi. Keksa avlod vakillarining o‘zlari bu ishda tashabbus ko‘rsatib, Toyloq tumani Baxshitepa mahallasidagi bo‘sh maydonda ko‘chat o‘tqazdi.
Xotin-qizlar faollari esa Samarqand shahar Shodiyona mahallasi hududida daraxt ko‘chatlari ekib, “Onalar bog‘i”ga asos soldi. Viloyatning barcha tuman va shaharlarida, mahallarda shu kabi bog‘lar yaratish tashabbusi ilgari surildi.
Bugun kuzgi daraxt ekish mavsumining rasman boshlanishi munosabati bilan viloyat va Samarqand shahri hokimliklari, boshqarma va idoralar vakillari shaharning Bahodir Yalangto‘sh mahallasida ko‘rgazmali seminarda qatnashdi.
– Ko‘chat o‘tqazish tadbirlari endi shunchaki “kompaniyabozlik” sifatida o‘tmaydi – deydi viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Suhrob Ahmedjonov. – Har bir hududning tuproq va iqlim sharoitidan kelib chiqib, manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekiladi. Jumladan, keyingi yillarda yaratilgan mazkur aholi massivida shumtol, katalpa, o‘zimizning iqlimga moslashgan pavlovniya ko‘chatlari ekilmoqda. Bundan tashqari, daraxt ko‘chatlarini ekishdan boshlab uch yil davomida parvarishlashgacha mas’ullar belgilanadi. Ya’ni endilikda har bir ko‘chatning egasi va javobgari bo‘ladi.
Samarqand viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha doirasida bahorgi mavsumda viloyat bo‘yicha 10 million 364 ming tup daraxt va buta ko‘chati o‘tkazilgan bo‘lsa, kuzgi mavsumda 6 million 942 ming tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan. Buning uchun o‘rmon xo‘jaliklari va fermerlar tomonidan 50 dan ziyod ko‘chatxona tashkil etilib, qo‘shimcha ko‘chat zaxirasi yaratilgan.
Mavsumda viloyatning 16 shahar va tumanida yigirma gektarga yaqin maydonda hokimlik bog‘lari, 28,4 gektarda “Yashil bog‘”lar tashkil etiladi.
Samarqand shahridan Navoiy viloyati hududigacha bo‘lgan temir yo‘l yoqasida 151 kilometr masofada “Yashil belbog‘” yaratiladi. Ushbu hududda yashovchi aholi va yerdan foydalanuvchilar jalb etilgan holda 81 ming tup suvsizlikka chidamli qayrag‘och, jiyda singari manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekish manzilli ro‘yxati ishlab chiqildi.
[gallery-14211]
Bundan tashqari, viloyatdagi saonat korxonalari va ularga yaqin hududlarda daraxtlarini ko‘paytirish va bog‘lar yaratish maqsadida joylar belgilab berilgan. Jumladan, kuzgi mavsumda 45 ta korxona tomonidan 122,3 gektar maydonda 98 ming tup ko‘chat ekilib, “Yashil belbog‘”lar barpo etiladi. Sement ishlab chiqaruvchi korxonalar va ularga tutash bo‘lgan hududlarda 93 gektar maydonda 17 ming tup qayrag‘och, yapon saforasi va boshqa ko‘chatlar ekiladi. Shuningdek, viloyatdagi 50 ta davlat tashkilotining har biri 50 sotixdan 2 gektargacha bo‘lgan maydonda bog‘ yaratishi vazifasi ham belgilangan. Ayni paytda bu boradagi ishlarga kirishildi.
Ko‘chat ekilishi bilan birga uni sug‘orish va parvarishlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatdagi daraxt ko‘chatlari o‘tqazilayotgan va ko‘kalamzorlashtirilayotgan hududlarda 50 kilometrdan ziyod sug‘orish tarmoqlari yaratiladi va 30 ta yer osti suvi chiqarish quduqlari qayta tiklanadi. Shahar va tumanlar obodonlashtirish boshqarmalariga 7 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirgan holda ko‘kalamzorlashtirish ishlarida foydalanish uchun 8 ta maxsus texnika xarid qilinadi.
Daraxt ekish va parvarishlash yumushlariga “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni jalb qilish orqali vaqtincha bo‘lsa-da ular bandligi ta’minlanadi va ish haqida to‘lanadi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari