Samarqandda 50 nafar xomilador ayol koronavirusdan davolanmoqda
Samarqand viloyati Matbuot uyida viloyat hokimi o‘rinbosari X.Ochilov hamda sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida keyingi kunlarda viloyatda koronavrius aniqlangan bemorlar soni sezilarni darajada oshgani qayd etildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligining bugun e’lon qilingan ma’lumotiga ko‘ra, 9 yanvar kuni 44 nafar samarqandlik fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan.

– Koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga mo‘ljallangan maxsus shifoxonamizda hozirda 156 nafar bemor davolanmoqda, – deydi X.Ochilov. – Bugun sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbarlari bilan birga ushbu shifoxonaga kirib, davolash jarayonlarini kuzatdik, bemorlar bilan suhbatlashdik. Ularning aksariyati bu xastalikni oddiy shamollashdek o‘tib ketadi, deb o‘zlaricha dori-davo qilganliklari, ahvollari og‘irlashganidan so‘ng tibbiyot xodimlariga murojaat qilishganini aytishdi. Shuning uchun viloyatimiz ahliga murojaat qilib aytmoqchimanki, o‘zingizda kasallik alomatlarini sezsangiz zudlik bilan hududiy poliklinikalar va oilaviy shifokoringizga xabar bering, imkon qadar tezroq PZR testi topshirishga harakat qiling.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i S.Zayniyevning qayd etishicha, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari laboratoriyalari bilan birga markaziy va oilaviy poliklinikalarda koronavirusni aniqlash uchun PZR test topishirish imkoniyati yaratildi. Jumladan, Samarqand shahrida ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika hamda 2, 4, 12-oilaviy poliklinikalarda ushbu xizmat yo‘lga qo‘yildi.
– O‘tgan yil viloyatimizda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga yo‘naltirilgan 2800 o‘rinli 7 ta muassasa faoliyat ko‘rsatgan edi, – deydi S.Zayniyev. – Hozirda faqat 240 o‘rinli maxsus shifoxona xizmatidan foydalanyapmiz. Bu yerda davolanayotgan 150 nafardan ortiq bemorning 50 nafarini homiladorlar tashkil etmoqda. Agar vaziyat og‘irlashsa, o‘tgan yilgi tajriba asosida shahardagi 3-tug‘ruq majmuasi negizida homilador ayollar va yosh bolali bemor onalarni davolash uchun markaz tashkil etiladi. Matbuot anjumanida qayd etilishicha, bugungi kunda viloyat cog‘liqni saqlash boshqarmasi zaxirasida 49 turdagi 948 million so‘mlik dori vositalari va 38 ming 986 ta “Covid-box” aptechkalar zaxirasi mavjud.
Koronavirus kasalligini davolashga mo‘ljallangan shifoxonalarda faoliyat yuritish uchun maxsus sertifikatga ega 6071 nafar tibbiyot xodimlari tayyorlangan. Samarqand shahridagi 4-son oilaviy poliklinika qoshida tunu kun ishlaydigan COVID-poliklinika tashkil qilingan. Bu yerda PZR tahlili, rentgenografiya o‘tkazish, SOVID BOX tarqatish yo‘lga qo‘yilgan. Aniqlangan bemorlarga shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarda tibbiy yordam ko‘rsatish uchun 304 ta tez tibbiy yordam brigadasi faoliyat olib bormoqda.
G‘.HASANOV, O‘zA