Samarqandda 278 masjidda hayit namozi o‘qildi
Davlatimiz rahbari qaroriga ko‘ra, 9 iyul Qurbon hayitining birinchi kuni yurtimizda bayram sifatida keng nishonlanmoqda.
Samarqand viloyatida ham bayram tadbirlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi ko‘rsatmasiga rioya etgan holda o‘tkazilmoqda. Jumladan, bugun erta tongda viloyatdagi 278 ta masjidda hayit namozini o‘qildi.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Samarqand shahridagi "Nomozgoh" jome masjidiga bordi va barcha samarqandliklarni Qurbon hayiti bilan tabrikladi.

– Sizlarni, sizlar orqali butun viloyatimiz aholisini bugungi bayram bilan tabriklayman, – dedi Erkinjon Turdimov. – Mamlakatimizda muqaddas dinimizni asrab-avaylash, borlig‘i bilan xalqimizga yetkazish bo‘yicha juda katta ishlar olib borilmoqda. Bu borada Prezidentimiz kecha xalqimizga yo‘llagan tabrigida alohida ta’kidlab o‘tdi. Niyati pok, maqsadlari ulug‘ xalqimizning shu tabarruk kunlarda qilayotgan barcha ibodatlari ijobat bo‘lsin.

Bayram oldidan, umuman, bayram kunlarida saxovatpesha kishilar tomonidan mahallalardagi ehtiyojmand oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va bemorlar holidan xabar olinib, ularga muruvvat yordamlari ko‘rsatilmoqda. "Mahalla" xayriya jamoat fondi tomonidan "Saxovat" karvoni tashkil etilib, kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar, bemorlar, keksalar holidan xabar olindi.

Bugun o‘tkazilayotgan qurbonlik marosimlarida ham mahallalardagi ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
G‘.Hasanov,
A.Isroilov (surat), O‘zA