Samarqandda 2 million 81 ming nafar fuqaro ro‘yxatga olingan
7-Samarqand okrugi hududidagi 1111 ta referendum uchastkasida 2 million 81 ming 436 nafar ovoz beruvchilar ro‘yxatga olingan. Ularning 65 ming nafarini ilk bor ushbu siyosiy jarayonda qatnashayotgan yoshlar tashkil etadi.
Samarqand shahridagi 12-referendum uchastkasida Shodiyona va Bahodir Yalangto‘sh mahallaridan 1806 nafar ovoz beruvchi ro‘yxatga olingan. Uchastka komissiyasi raisi Alovuddin Ochilovning ma’lum qilishicha, ularning 126 nafari 19-26 aprel kunlari muddatidan oldin ovoz bergan. Mazkur uchastkada ham soat 8.00 da davlat madhiyasi yangrab, ovoz berish jarayonlari boshlandi.
Hudud aholisi yangilanayotgan Konstitutsiya bo‘yicha o‘z munosabatini bildirib, referendumda faol ishtirok etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining referendumda ishtirok etishi ixtiyoriy va erkindir. Ular referendumda teng asoslarda ishtirok etadi. Har bir fuqaro bir ovozga ega bo‘ladi.
[gallery-11644]
O‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi referendumda ishtirok etish huquqiga egadir. Referendum uchastkalarida fuqarolarning ovoz berishda ishtirok etishlari uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Ayrim sabablarga ko‘ra uchastkaga kela olmaydigan fuqarolar uchun ovoz berish ularning istagiga ko‘ra, yashab turgan joyida tashkil etiladi.
Samarqand viloyatidagi ovoz berish jarayonlarini Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan va akkreditatsiyadan o‘tkazilgan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari, chet ellik va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari bevosita kuzatib bormoqda.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA