Samarqand – yer yuzining sayqali, Sharq gavhari
18 oktyabr – Samarqand shahar kuni
Samarqand milliy davlatchiligimiz poydevori yaratilgan, qadimiy poytaxt maqomiga ega bo‘lgan yirik tarixiy va madaniy markazlarimizdan biri.
Bu ko‘hna va betakror shahar O‘zbekiston tarixida, bugungi ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizda alohida o‘rin tutadi.
Davlatimiz rahbarining ushbu fikrlari bugun – Samarqand shahar kunini nishonlayotgan qadimiy va hashima navqiron kent ahli qalbini faxr va iftixorga to‘ldirib, shu muqaddas zaminga munosib bo‘lish, uning shuhratini yanada oshirishga hissa qo‘shish ishtiyoqini uyg‘otmoqda.
O‘zining qudratli davlati poytaxti etib tanlab, uni yer yuzining sayqaliga aylantirgan Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan 1996 yilda bu qadimiy kentda ulug‘ sarkarda sharafiga salobatli haykal o‘rnatilgandi. O‘sha yili 18 oktyabr kuni ushbu yodgorlikning ochilish marosimi hamda Samarqand shahriga birinchi raqamli Amir Temur ordeni topshirish marosimida shu elning asl farzandi, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov bundan buyon bu sanani Samarqand shahar kuni sifatida nishonlashni taklif qilgan edi. Ana shu tashabbus asosida 25 yildirki Samarqand ahli 18 oktyabrni katta tantana bilan nishonlab kelmoqda. Har yili ushbu kunga alohida tayyorgarlik ko‘riladi, yangi inshootlar qad rostlaydi, madaniy-ma’rifiy tadbirlar uyushtiriladi. Shaharning har bir go‘shasida, har bir xonadonda bayram shukuhi hukmron bo‘ladi.
[gallery-4289]
Bu yil ham samarqandliklar shahar kunini munosib nishonlashga hozirlik ko‘rdi. Sana munosabati bilan Samarqandda Prezident maktabining tantanali ochilish marosimi o‘tkaziladi, Samarqand davlat tibbiyot institutining yangi o‘quv binosi foydlanishga topishiriladi. Zamonaviy qiyofa kasb etgan Alisher Navoiy ko‘chasi ochiladi. Ulug‘ ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi faoliyat boshlaydi. Yana o‘nlab mahalla markazlari, ko‘ngilochar dam olish maskanlari, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari shahar kuniga tuhfa bo‘ladi.
Shu va boshqa tadbirlar, umuman, qadimiy kentning buguni va ertasi haqida Samarqand shahar hokimi Boburmirzo Obloqulov quyidagilarni gapirib berdi.
Turizm – Samarqand iqtisodiyotining asosiy dvrayveri bo‘lib qoladi
– Samarqand, deyilganda har bir inson avvalo Registonni, Shohi Zinda yoki Amir Temur yodgorlik majmualarini, Hazrati Xizr masjidi yoki Mirzo Ulug‘bek rasadxonasini, Xo‘ja Doniyor maqbarasi yoki Bibixonim (Amir Temur) masjidini ko‘z oldiga keltiradi – deydi B.Obloqulov. – Demoqchimanki, shahrimiz birinchi navbatda muqaddas qadamjolari va tarixiy obidalari bilan, betakror tabiati bilan dunyoga mashhur va shuning uchun ham Samarqandni ziyorat qilish, bu maskanda bo‘lishni har bir inson orzu qiladi. Buni o‘zi uchun yuksak sharaf deb biladi. Tabiiyki, bu Samarqandning dunyo turizm markazlaridan biriga aylanishi, yil-o‘n ikki oy sayyohlar bilan gavjum bo‘lishining asosiy omilidir.
Shu bois keyingi yillarda Prezidentimizning alohida e’tibori bilan Samarqandda turizmni rivojlantirish uchun har qachongidan keng ko‘lamda ish olib borilyapti. Buning uchun ajratilayotgan mablag‘ning ham, berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlarning ham qiyosi yo‘q. Masalan, ayni paytda shahar hududida 14 ta arxeologiya, 417 ta me’moriy, 36 ta monumental va 23 ta diqqatga sazovor madaniy meros ob’ekti davlat ro‘yxatida qayd etilgan va muhofazaga olingan. Ularni asrab-avaylash va sayyohlarga asl holicha ko‘rsatish, kelgusi avlodlarga yetkazish uchun respublika va mahalliy byudjetdan har yili katta mablag‘ ajratilmoqda. Shuningdek, bu borada tadbirkorlar imkoniyatlaridan foydalanilmoqda.
Endi raqamlarga e’tibor bering – 2019 yilda shahrimizga 560 ming xorijiy sayyoh tashrifi kuzatilgan bo‘lsa, pandemiya sababli 2020 yilda ushbu ko‘rsatkich 52 ming kishini tashkil etdi. Bu yil karantin cheklovlari yumshatilgach, to‘qqiz oy davomida 54 ming 500 nafar xorijiy hamda 1 million 245 ming nafar mahalliy turistlar tashrifi amalga oshirilgan. Buning barchasi shaharga kelayotgan investitsiya, iqtisodiyotga tushum, degani. Albatta, shunga mos xizmat, sharoit yaratish ham oldimizdagi muhim vazifa hisoblanadi.
bugungi kunda shaharda mehmonxonalar soni 160 taga, ulardagi o‘rinlar 6569 taga yetdi. Bundan tashqari 100 ga yaqin oilaviy mehmon uylari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Orzu Mahmudov ko‘chasi gastronomik turizmni rivojlantirish bo‘yicha maxsus hudud sifatida belgilanib, bu yerda turli mamlakatlar taomlari tayyorlanadigan ovqatlanish nuqtalarini tashkil etildi. Bog‘ibaland mahallasida “Anjirzor” yangi turistik maskan ochildi. Kelgusida Bog‘ibaland va Sharq mahallalari “turizm mahallasi”ga aylantiriladi.
Umuman, 2021-2022 yillarda umumiy qiymati 1,2 trillion so‘mlik 44 ta loyihani amalga oshirish hamda 1257 ta yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Mamlakatimizga xorijiy davlatlardan sayyohlar oqimini oshirish maqsadida vizasiz rejim joriy etilgan mamlakatlar soni 2021 yil 1 mart holatiga 86 tani tashkil etardi. Prezidentimizning 2021 yil 9 fevraldagi farmoniga asosan, 2021 yil 1 martdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan e’tiboran 10 kunlik muddatga o‘z yoki uchinchi mamlakatga uchish aviachiptasini taqdim qilgan Bahrayn Qirolligi, Qatar Davlati, Quvayt Davlati, Ummon Sultonligi va Xitoy Xalq Respublikasi, shu jumladan Xitoyning Gonkong va Makao maxsus ma’muriy hududlari fuqarolari uchun vizasiz rejim belgilandi. Buning natijasida vizasiz rejim joriy etilgan mamlakatlar soni 90 taga yetkazildi.
Shuningdek, yil boshida Eron Islom Respublikasining
«Iran Aseeman Airlines» aviakompaniyasi hamda «Persian Gulf Tourism Holding Company» kompaniyasi vakillari bilan uchrashib, ziyorat turizmi sohasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga kelishib oldik. Samarqand va Eronning Isfahon shahri o‘rtasida savdo-iqtisodiy, turizm va madaniy aloqalarni kengaytirish, jumladan ikki shaharlar o‘rtasida birodarlashgan shaharlar munosabatlarini o‘rnatish masalasini muhokama qilib, anglashuv memorandumi imzoladik. Turkiyaning Istanbul, Konya, Izmir shaharlari bilan turizm sohasida aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha sa’y-harakat olib boryapmiz. Butunjahon turizm tashkiloti tomonidan joriy yilning 8-9 iyul kunlari Portugaliyaning Portu shahrida o‘tkazilgan “Turizm va shaharlar kelajagi” hokimlar forumida ham bir qator kelishuvlarga erishdik.
Kelgusi yilda Samarqandda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi sammiti o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda ushbu tadbirga ham shaharda qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Ko‘plab ko‘chalar, bino va inshootlar rekonstruksiya qilinmoqda. Yangi yo‘llar, ko‘priklar bunyod etilmoqda. SHHT tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida turizm infratuzilmasini rivojlantirish uchun respublika byudjetidan 135,1 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.
Qorasuv – Samarqandning zamonaviy turar-joy massivi
– Agar biz Samarqandni turistik markazga aylantirib, mazkur tarmoqdan samarali foydalanishni istasak yangi bino va inshootlar, aholi turar-joylarini shaharning sayyohlik hududidan boshqa joylarida amalga oshirishimiz kerak, – deya so‘zida davom etadi shahar hokimi. – Keyingi yillarda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar shu maqsadga qaratilgan. Davlatimiz rahbarining Samarqandga tashrifilari davomida, shuningdek, shaharning bosh loyihasini ishlab chiqishda ham ushbu masala eng ustuvor vazifa sifatida belgilanib, amaliy ishlar olib borilmoqda. Buning yorqin ifodasini Qorasuv massivi misolida ko‘rishimiz mumkin.
2018-2020 yillarda bu yerda “O‘zshaharqurilishinvest” injiniring kompaniyasi tomonidan 45 ta 7 qavatli va 3 ta 16 qavatli, “Qishloqqurilishinvest” tomonidan esa 34 ta 5 qavatli uy-joylar qurildi. “Agromir Buildings” mas’uliyati cheklangan jamiyati esa uch yil davomida 3500 xonadonli 65 ta 12 va 16 qavatli turar-joy binolari bunyod etdi. Joriy yilda yana 7 ta 16 qavatli, 2 ta 25 qavatli uylar qurilmoqda.
Bu ko‘p qavatli uylarning fasadi uch qavatli qoplamadan iborat bo‘lib, bu xonadonlar qishda issiq, yozda salqin bo‘lishini ta’minlaydi. Binolarga videokuzatuv tizimi, yuqori texnologiyali yong‘in xavfsizligi uskunalari o‘rnatilgan. Har bir xonadon alohida isitish qozoni bilan jihozlangan. Uylar egalariga tayyor holda topshirilmoqda.
Shuningdek, bu yerda 1 ming 600 o‘rinli maktab, 120 o‘rinli bolalar bog‘chasi, mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, savdo do‘konlari, o‘yin va sport maydonchalari barpo etilgan. Joriy yilda esa futbol akademiyasi, madaniyat va istirohat bog‘i, bitta maktab va to‘rtta maktabgacha ta’lim muassasasi, 240 qatnovga mo‘ljallangan oilaviy poliklinika qurilishi davom etmoqda.
Shahrimiz aholisining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida Shirin mahallasida 90 ming aholi uchun yangi shaharcha barpo etish, temiryo‘l orti hududida joylashgan yetti mingdan ortiq aholi yashaydigan “Mehnat”, “Matonat” va “Maysazor” mahalla fuqarolar yig‘inlarida ko‘p qavatli turar joylar, dam olish maskanlari, ijtimoiy soha ob’ektlari qurilishi loyihalari ishlab chiqilib, bu borada ham dastlabki ishlar boshlandi. Bu sa’y-harakatlardan ko‘zlangan maqsad aholi uchun qulaylik yaratish, shahar infratuzilmasini yaxshilash va Samarqandni millionli shaharga aylantirishdir.
Hammasi inson uchun
– Bugun butun mamlakatimizda, jumladan, Samarqand shahrida amalga oshirilayotgan ulkan qurilish-bunyodkorlik ishlari, islohotlar yagona maqsad – xalqimiz uchun munosib sharoit yaratish, turmush farovonligini oshirishga, bir so‘z bilan aytganda, inson manfaatlariga qaratilgan, – deydi Samarqand shahar hokimi B.Obloqulov. – Bu yil dasturi va boshqa bir qator davlat va hududiy dasturlar asosida olib borilayotgan ishlarda ham o‘z aksini topmoqda.
Misol uchun, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini olaylik. Har yili ushbu dasturlar asosida yurtimizdagi o‘nlab qishlov va mahallalar qiyofasi, infratuzilmasi o‘zgarib, aholi uchun zamonaviy turmush sharoitlari yaratilmoqda. Albatta, barcha joyda bir vaqtda obod qilish imkonsiz. Mazkur dasturlar esa har yili eng og‘ir hududlarda navbatma-navbat qurilish, obodonlashtirish ishlarini olib borishga yordam bermoqda. Muhimi, endi dasturga kiritiladigan mahalla, qishloqlarni hokimiyat organlari, rahbarlar emas, bevosita xalq bilan ishlovchi, ularning orasida yurgan deputatlar belgilamoqda, mahalliy kengashlar qarori bilan tasdiqlanmoqda. Xalq deputatlari Samarqand shahar kengashining qarori bilan bu yil shahrimizdagi “Yangi Hayot” va Do‘stlik” mahallalari dasturga kiritilgan edi.
Ushbu mahallalarda “Obod mahalla” dasturi doirasida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yangilash va ta’mirlash, yo‘l va bozor infratuzilma ob’ektrlarini barpo etish, ijtimoiy soha ob’ektlarini rekonstruksiya qilish, yakka tartibdagi uy-joylarini ta’mirlash va boshqa ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, “Yangi hayot” mahallasida joylashgan 61-umumiy o‘rta maktabi qariyb 3 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, rekonstruksiya qilindi. Ikkala mahallada 9,5 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlanmoqda. Shu paytgacha 4 kilometrdan ortiq masofada asfalt yotqizish ishlari bajarildi. “Yangi hayot”da 7,3 kilometr, “Do‘stlik”da 10,1 kilometrlik ichimlik suvi oqova tarmog‘i tortilmoqda. Shuningdek, 14 kilometr piyodalar yo‘laklari qurish, 134 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.
Qarang, shahardagi mahallada shu ishlar bajarilmoqda, shu paytgacha bu borada muammo bo‘lgan. Bunday mahallalar shahrimizda yana bor va ular ham kelgusi yillarda dasturlar asosida obod bo‘ladi. Endi bunday ishlar olis qishloqlarda amalga oshirilayotganini va bu odamlar hayotida qanday o‘zgarishlarga sabab bo‘lishini tasavvur qiling. Bu davlatimizning, davlatimiz rahbarining xalqparvar siyosati samarasi emasmi?
Yoki bugun ijtimoiy ko‘makka muhtoj aholi qatlamini qamrab olib, ularning muammolariga yechim topilishiga asos bo‘layotgan uch daftarni olaylik. Bu ham kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlash uchun, xotin-qizlar va yoshlar manfaatlarini himoya qilish uchun amalga oshirilayotgan ezgu ishlarku.
Samarqand shahrida ham “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” asosida aholing ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy muhofaza qilish bo‘yicha olib borilgan ishlar bugun o‘z natijasini bermoqda. Yil boshidan buyon “Temir daftar”ga kiritilgan 191 fuqaroga ish bilan band bo‘lib, daromad topishi uchun turli xildagi asbob-uskunalar olib berdik, 5473 kishi doimiy ishga joylashtirildi. Shu kabi ishlar natijasida 1918 ta oila daftardan chiqarildi. Qolgan 833 ta oilani ham ijtimoiy qo‘llab-quvvatlab, hayotini izga solish choralari ko‘rilmoqda.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan yordamga muhtoj 1937 nafar opa-singillarimizning 439 nafari o‘z-o‘zini band qilish va bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish orqali bandligi ta’minlandi. 268 nafariga 5,4 milliard so‘m miqdorida imtizli kreditlar ajratildi. Ikkinchi bosqichda ushbu daftarga kiritilgan 5332 nafar xotin-qizlarga ham belgilangan tartibda yordam ko‘rsatilib, ularning asosiy qismi daftardan chiqarildi.
“Yoshlar daftar”iga kiritilgan 16 ming nafarga yaqin yigit-qizlarning 11 ming 155 nafariga shu paytgacha turli xil yordamlar ko‘rsatilib, daftardan chiqarishga erishildi.
Bu raqamlarni nima uchun keltiryapman? Demoqchimanki, bugun hech kim davlatimizning e’tiboridan chetda emas. Har bir fuqaroga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda.
Yana bir jihati, bugun – shahrimiz ahli Samarqand kunini nishonlar ekan, har bir xonadonda bu bayram shukuhi sezilishi kerak. Shahar kuni shu muqaddam zaminda yashayotgan har bir shaxsning bayramidir.
Darvoqe, Samarqand kuni munosabati bilan viloyat hokimligi va bir qator tashkilotlar ko‘magida shahrimizda qishloq xo‘jalik va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarining arzonlashtirilgan savdo yaramarkasi tashkil etildi. Bu yerda barcha tumanlardagi fermer xo‘jaliklari, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan aholi kundalik ehtiyoji uchun zarur mollar keltirilib, shahar ahliga arzon narxlarda sotilmoqda.
Samarqand – yer yuzining sayqali, Sharq gavhari, jonajon Vatanimizning durdona shahri. Uning bayrami ham butun insoniyatining, xalqmizning bayramidir.
Samarqand kuni barchamizga muborak bo‘lsin!
O‘zA muxbiri G‘olib HASANOV yozib oldi
Alisher ISROILOV olgan suratlar