Samarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari R.Qobilov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi ayni paytda Yaponiyaning Gifu prefekturasi gubernatori X.Furuta taklifiga binoan mazkur hududda bo‘lib turibdi.
Tadbirlar doirasida Samarqand viloyatining investitsiya va turizm salohiyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma va taqdimot o‘tkazildi. Unda Samarqandning diqqatga sazovor joylari, turizm resurslari va xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.

***
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Urgut tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekiston” massivida “Ustozlar bog‘i” tashkil etildi.
Ikki gektarga yaqin toshloq maydon tekislanib, toshlardan tozalandi, unumdor tuproq tashlanib, bu yerda mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilmoqda. Yangi bog‘da tuman sektorlari rahbarlari, ta’lim muassasalari vakillari ishtirokida 400 tupga yaqin ko‘chat ekildi.

***
Oliy Majlis Senati tomonidan e’lon qilingan “Eng yaxshi ijtimoiy tashabbus” respublika ko‘rik-tanlovida Ishtixon tumani hokimligi “Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor hokimlik” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.

***
Qozog‘istonning Chimkent shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo xalqlarining IX xalqaro teatr festivalida Samarqand viloyati musiqali drama teatri “Layli va Majnun spektakli bilan ishtirok etib, gran-prini qo‘lga kiritdi va 3 million tenge (6000 AQSH dollari) pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Teatr ijodiy jamoasi o‘tgan yil Ozarbayjonda o‘tkazilgan xalqaro festivalda ushbu spektakl bilan bosh mukofotga sazovor bo‘lgandi.

***
Samarqand shahridagi O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida Qozog‘iston Respublikasi davlat markaziy muzeyi tomonidan “Alashning asl arslonlari” deb nomlangan ko‘chma ko‘rgazma ochildi. Unda 1937-1938 yillardagi qatag‘on qurbonlari haqidagi asarlar namoyish etilmoqda.
– Bizning ildizlarimiz, tariximiz mushtarak, o‘sha fojiali yillarda xalqlarimiz ham birga edi, – deydi Qozog‘iston Respublikasining Samarqanddagi bosh konsuli Talgat Sharipov. – Qozog‘iston va O‘zbekiston zamini Kavkazning qatag‘onga uchragan xalqlari, mesxeti turklar, Volga bo‘yidagi olmonlar, Uzoq Sharqdan kelgan koreyslar kabi bir millionga yaqin kishiga boshpana berdi. Bu kunlarni doim yodda tutishimiz kerak.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri